
Yangi yil munosabati bilan bayram mukofotini berish majburiymi?
Mazkur masala yuzasidan Kambag‘allikni qisqartirish va Bandlik vazirligi tushuntirish berdi.

O‘zbekistonda Yangi yil yoki boshqa bayramlar munosabati bilan xodimlarga mukofot to‘lash masalasi ish beruvchi uchun har doim ham majburiy hisoblanmaydi. Bu tartib amaldagi mehnat qonunchiligi va tashkilotning ichki hujjatlari bilan belgilanadi, deya tushuntirish berdi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi.
O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi 252-modda siga muvofiq, mukofotlar va boshqa rag‘batlantiruvchi to‘lovlarni joriy etish, ularning miqdori hamda to‘lash shartlari ish beruvchi tomonidan belgilanadi. Bu normalar jamoa shartnomasi, ichki mehnat tartibi qoidalari yoki alohida buyruq orqali rasmiylashtirilishi lozim.
Agar tashkilotning ichki hujjatlarida barcha yoki muayyan toifadagi xodimlarga bayram munosabati bilan mukofot berish majburiyati aniq belgilab qo‘yilgan bo‘lsa, ish beruvchi uni bajarishi shart. Aks holda, mukofot to‘lanmasligi mehnat haqi bo‘yicha qarzdorlik sifatida baholanishi va mehnat qonunchiligi buzilishiga olib kelishi mumkin.
Shu bilan birga, agar ichki hujjatlarda bayram mukofoti haqida hech qanday majburiyat nazarda tutilmagan bo‘lsa, bunday to‘lov ixtiyoriy hisoblanadi. Ya’ni ish beruvchi xodimlarni rag‘batlantirish yoki rag‘batlantirmaslikni o‘z xohishiga ko‘ra hal qiladi.
Mukofotlash jarayonida kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi alohida ta’kidlanadi. Mehnat kodeksining 4-moddasiga ko‘ra, jins, yosh, millat, ijtimoiy kelib chiqish, lavozim yoki mehnat natijalariga aloqasi bo‘lmagan boshqa belgilar asosida xodimlarni farqlash kamsitish hisoblanadi. Agar mukofot belgilansa, u adolatli va aniq mezonlar asosida taqsimlanishi kerak.
Qonunchilikda bayram mukofotini to‘lash uchun aniq muddat belgilanmagan. Shu bois ish beruvchi uni bayramdan oldin ham, bayramdan keyin ham to‘lashi mumkin. Asosiy talab — belgilangan shartlarga rioya qilinishi.
budjet tashkilotlarida esa mukofotlash masalasi alohida tartibga solinadi. Bunday tashkilotlarda rag‘batlantiruvchi to‘lovlar faqat qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar va ajratilgan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonliklar yangi yil bayrami munosabati bilan ketma-ket 5 kun dam olishi haqida xabar bergan edik.





