add

Yanvarda aksiyalar segmenti barqaror qoldi, obligatsiyalar esa 1 trln so‘mga o‘sdi

Kecha 14:552 daqiqa

2026 yil yanvar oyida aksiyalarda yangi kapital jalb qilish faollashmadi, korporativ obligatsiyalar esa hajm va emitentlar soni bo‘yicha oy drayveriga aylandi.

Yanvarda aksiyalar segmenti barqaror qoldi, obligatsiyalar esa 1 trln so‘mga o‘sdi

2026 yil yanvar oyi yakunlariga ko‘ra, aksiyalar segmentida keskin o‘zgarishlar kuzatilmadi. Aksiyadorlik jamiyatlari soni 694-695 ta atrofida saqlanib qoldi, aksiyalar chiqarilishining umumiy hajmi esa oy davomida 262-265 trln so‘m diapazonida harakat qildi. Bu bozorda agressiv o‘sishdan ko‘ra, mavjud kapitalni qayta tuzish ustuvor bo‘lganini ko‘rsatadi.

Oy davomida ayrim yirik emitentlar tomonidan aksiya hajmlarini qisqartirish holatlari qayd etildi. Biroq bu jarayonni kapitaldan chiqish sifatida baholash to‘g‘ri emas. Ko‘p hollarda gap ustav kapitalini optimallashtirish, mulk tarkibini aniqlash yoki korporativ tuzilmani soddalashtirish haqida bormoqda. Shu bilan birga, ayrim kompaniyalar tomonidan cheklangan hajmda qo‘shimcha aksiya chiqarilishi kuzatildi. Bu o‘sish butun bozor bo‘ylab emas, alohida emitentlar hisobidan shakllanganini ko‘rsatadi. Umuman olganda, yanvar oyi aksiyalar bozori uchun ko‘payishdan ko‘ra, ehtiyotkorlik va ichki tuzatishlar oyi bo‘ldi.

Obligatsiyalar yetakchi segment

Yanvar oyida eng faol segment korporativ obligatsiyalar bozori bo‘ldi. Oy boshida chiqarilishlarning umumiy hajmi taxminan 3,9 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, oy oxiriga kelib bu ko‘rsatkich 4,9 trln so‘mgacha yetdi. Bir oylik o‘sish qariyb 1 trln so‘mni tashkil qildi. Oy boshida korporativ obligatsiyalar bozorida 32 ta emitent ishtirok etgan bo‘lsa, oy oxiriga kelib ularning soni 34 taga yetdi. O‘sish asosan bank sektori tomonidan amalga oshirilgan yirik obligatsiya chiqarilishlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu moliya institutlarining qisqa va o‘rta muddatli resurslarni fond bozori orqali jalb qilishga tobora ko‘proq murojaat qilayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, real sektor va mikromoliya tashkilotlarining ham obligatsiya bozorida faollashayotgani qarz instrumentlariga bo‘lgan ishonch ortganidan dalolat beradi.

Fevral uchun kutilmalar

Yanvar oyida kapital bozori rekord quvish bosqichidan resurslarni qayta joylashtirish bosqichiga o‘ta boshladi. Aksiyalarda ehtiyotkorlik saqlanib qolgan bo‘lsa, obligatsiyalarda tezkor moliya jalb qilishga qiziqish oshdi. Fevral oyida ham ushbu tendensiya saqlanib qolishi ehtimoli yuqori. Biroq asosiy e’tibor hajmga emas, sifatga qaratiladi. Bozor uchun «qancha chiqarildi?»dan ko‘ra, «kim chiqardi va qanday shartlarda?» degan savol hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Kupon stavkalari, muddatlar, emitentning moliyaviy holati va axborot ochiqligi talabni belgilab beradi.

G.Bozorova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid