add

Yanvarda inflatsiya rekord darajada pasaydi

Bugun 19:403 daqiqa

O‘zbekistonda yanvar oyi uchun inflatsiya ma’lumotlari e’lon qilindi. Yillik inflatsiya ochiq ma’lumotlar bo‘yicha 2016 yildan beri eng past darajaga tushdi.

Yanvarda inflatsiya rekord darajada pasaydi

O‘zbekistonda 2026 yilning yanvar oyida inflatsiya 0,7 foizni tashkil qildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar bermoqda. 

Yillik inflatsiya 7,2 foizgacha pasayib, ochiq ma’lumotlar bo‘yicha (2016 yildan beri) eng past darajaga tushdi. 2025 yilning xuddi shu paytida bu ko‘rsatkich 9,9 foiz edi. 



Inflatsiya 7,2 foizgacha pasaygan bo‘lsa, bunda buyog‘iga bu ko‘rsatkich yana pasayib borishi kutilmoqda. Sababi Markaziy bankning asosiy maqsadi 5 foizlik inflyatsion targetga erishih.

Bunga 2027 yilning oxirida erishish reja qilinmoqda.

Oziq-ovqat narxlari

Oy davomida oziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar 0,8 foizga qimmatalagan bo‘lsa, nooziq-ovqat mahsulotlari narxi 0,4 foizga ko‘tarildi. 

Yanvarda asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan qo‘y go‘shti 1,6 foizga, suyaksiz mol go‘shti 1,1 foizga, parranda go‘shti 1,5 foizga, xom sut 1 foizga, tuxum 0,6 foizga qimmatladi. 

Asosiy meva-sabzavotlardan yanvarning o‘zida bulg‘or qalampiri (18,5 foiz), banan (6,3 foiz), limon (4,9 foiz), karam (3,8 foiz) va kartoshka (1,9 foiz) narxi sezilarli oshdi. Mandarin (2,4 foiz), apelsin (2,3 foiz) va pomidor (2,1 foiz) sezilarli arzonladi. 

rasm

Transport bo‘limi

O‘tgan oyda benzin narxlari o‘rtacha 0,6 foizga ko‘tarildi. Bunda AI-92 0,6 foizga, AI-95 0,4 foizga, AI-98 va AI-100 0,3 foizga qimmatladi. 

Propanning narxi oydavomida 8,9 foizga oshib, 1 litrining yuqori narx chegarasi 8 500 so‘mni tashkil qildi. Propan bo‘yicha yillik narxlar o‘sishi 12,3 foizga yetgan

Metan narxi sezilarli o‘zgarmadi va 0,1 foizga oshdi. Biroq, narx 2025-yil boshiga nisbatan 30,2 foizga yuqori darajada saqlanib qoldi. 

2026-yil yanvaridan boshlab haydovchilikka tayyorlash bo‘yicha kurslar, haydovchilik darslari, imtihonlari va guvohnomasini olish narxlari o‘rtacha 5,0 foizga qimmatladi. 

1-yanvardan sug‘urta xizmatlari narxi keskin oshdi. Bu esa sug‘urta va moliyaviy xizmatlar bo‘limi inflatsiyasini 40,8 foizga yetishiga olib keldi. 

2026 yildan yangi metodika qo‘llanilmoqda

O‘zbekistonda inflatsiya ma’lumotlari har oyning birinchi sanasida e’lon qilinib kelayotgan edi. 

2026 yil yanvardan boshlab Milliy Statistika qo‘mitasi iste’mol narxlari indeksi (INI) ni hisoblashning yangilangan metodologiyasini joriy etdi. 

Shu paytgacha foydalanilgan metodda inflatsiya bo‘yicha ma’lumotlar har oyning birinchi sanasida e’lon qilinar edi. Ma’lumotlarni yig‘ish davri esa 11 kunni tashkil qilardi. 

Statistika qo‘mitasi ma’lum qilishicha, yangi metod bilan iste’mol narxlari bo‘yicha ma’lumotlarni yig‘ish davri 25 kungacha uzaytiriladi. Oyning 1-sanasidan 25-sanasigacha ma’lumotlar yig‘iladi.

Bunda oyning 1-kunidan 7-kunigacha xizmatlar sohasi bo‘yicha, 8-kunidan 14-kunigacha nooziq-ovqat tovarlari va 15-kunidan 25-kunigacha oziq-ovqat tovarlari kuzatiladi.

Natijada, ma’lumotlarni e’lon qilish muddati esa har oyning birinchi sanasidan beshinchi sanasiga o‘zgartirildi. Endidan ma’lumotlar har oyning 5-sanasida e’lon qilinadi. 

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 55

Barchasi

Mavzuga oid