
Yaponiya tashqi ishlar vaziri O‘zbekistonga keldi
26.08.2025 | 20:2025902
Takeshi Ivaya boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga tashrif buyurdi.

Yaponiya tashqi ishlar vaziri Takeshi Ivaya boshchiligidagi delegatsiya 26 avgust kuni rasmiy tashrif bilan Samarqandga keldi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, mehmonlarni Samarqand xalqaro aeroportida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmonov va Samarqand viloyati hokimligi mas’ullari kutib olgan.
Yaponiyalik diplomat dastlab SamAvto zavodida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishgan. Mazkur korxonada 2007 yildan buyon Yaponiyaning Isuzu Motors Ltd kompaniyasi va Itochu korporatsiyasi bilan hamkorlikda Isuzu shassisi asosida avtobuslar va yuk mashinalari, maxsus texnikalar ishlab chiqarilmoqda. Zamonaviy, xalqaro standartlarga javob beradigan mazkur texnika vositalari ichki bozor bilan birga xorijga eksport qilinadi.
Shundan so‘ng delegatsiya Samarqand tumanidagi «Bobur agro innovatsiya» fermer xo‘jaligida bo‘lufy. Bu yerda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ko‘magida ushbu davlatdan keltirilgan olma navlari parvarishlanmoqda.
Shuningdek, Ivaya Samarqanddagi tarixiy-madaniy yodgorliklarni ham tomosha qilgan.





