add

Yaponiyada tarixida ilk marta ayol bosh vazir saylandi

21.10.2025 | 12:303792

Sanae Takaiti Yaponiya parlamentidagi saylovda 237 ovoz bilan g‘alaba qozonib, mamlakat tarixida ilk bor bosh vazir lavozimini egallagan ayol bo‘ldi.

Yaponiyada tarixida ilk marta ayol bosh vazir saylandi

20-oktabr kuni Yaponiya parlamenti Liberal-demokratik partiya (LDP) rahbari Sanae Takaitini mamlakat bosh vaziri etib tasdiqladi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi. U Innovatsiya partiyasi bilan tuzilgan yangi koalisiya orqali yetakchilik lavozimini qo‘lga kiritdi. Takaiti Yaponiya tarixida bu vazifani egallagan ilk ayol sifatida mamlakat siyosiy hayotida yangi bosqichni boshladi.

Yangi koalisiya haqidagi kelishuv dushanba kuni e’lon qilindi. Innovatsiya partiyasi hamraisi Xirofumi Yosimura «Yaponiyani birgalikda oldinga harakatlantiramiz», deb ta’kidladi. Shu bilan Yaponiyaning so‘nggi 26 yillik siyosiy hamkori bo‘lgan «Komeyto» buddist partiyasi hukumat tarkibidan chiqdi. Takaitining LDP rahbari etib saylanishi «Komeyto»ning bunday qaror qabul qilishiga sabab bo‘lgan.

Saylov natijalari va koalisiya tuzilishi orasida Takaitining bosh vazir bo‘lishi ancha vaqt noaniq bo‘lib keldi. Biroq Innovatsiya partiyasi bilan ittifoq uning g‘alabasini ta’minladi.

Kyodo agentligi xabariga ko‘ra, Innovatsiya partiyasi a’zolari hozircha yangi hukumat tarkibiga qo‘shilmasligi mumkin. Takaiti esa o‘z siyosiy faoliyatida qat’iy konservativ qarashlari bilan tanilgan siyosatchi. U sobiq bosh vazir Sindzo Abening yaqin shogirdi va Buyuk Britaniyaning afsonaviy rahbari Margaret Tetcherning siyosiy uslubidan ilhomlanadi.

Associated Press ta’kidlashicha, Takaitining saylanishi Yaponiyada gender tengligi yo‘lidagi katta qadam sifatida baholanayotgan bo‘lsa-da, ko‘plab yaponiyalik ayollar uning g‘oyalarini an’anaviy va konservativ deb hisoblaydi. U nikohdan keyin ayollar o‘z familiyasini saqlab qolishiga hamda ayollarni imperatorlik taxti vorislari qatoriga qo‘shishga qarshi. Takaiti «an’anaviy qadriyatlarni muhofaza qilish»ni o‘z siyosiy dasturining markaziy qismi sifatida belgilagan.

Teglar

Mavzuga oid