Yaqin Sharqdagi urush fonida neft narxi keskin ko‘tarildi
Yaqin Sharqdagi urush fonida Ho‘rmuz bo‘g‘ozida tankerlar harakati izdan chiqdi, neft bozorida so‘nggi to‘rt yildagi eng keskin sakrash kuzatildi.

AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari ortidan neft narxi so‘nggi to‘rt yildagi eng katta o‘sishni qayd etdi. Dastlab etalon marka bo‘lgan Brent 2-mart kuni 13 foizgacha qimmatlab, 2025 yil yanvaridan beri eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi. Keyinchalik o‘sish sur’ati sekinlashib, narxlar barrel uchun taxminan 77 dollar atrofida shakllandi.
Treyderlar AQSH va Isroilning Eronga qarshi boshlagan harbiy harakatlari ortidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozining amalda yopilishi oqibatlarini baholamoqda. Tankerlar harakati deyarli to‘xtagan, kema egalari va sug‘urta kompaniyalari xavfsizlik sabab reyslarni vaqtincha to‘xtatgan. Eron rasmiylari bo‘g‘oz formal jihatdan ochiqligini aytgan bo‘lsa-da, uchta neft tankeriga hujum qilinganini tan oldi.
AQSH prezidenti Donald Tramp Amerika kuchlari to‘qqizta eron harbiy kemasini cho‘ktirganini bildirdi. U New York Times'ga bergan izohida operatsiyalar to‘rt-besh hafta davom etishi mumkinligini, biroq yangi rahbariyat pragmatik pozitsiya tutsa, sanksiyalar yumshatilishi ehtimolini ham istisno etmasligini aytdi.
Bozor va OPEK+ reaksiyasi
Neft bozoridagi siljishlar boshqa aktivlarga ham ta’sir qildi. Oltin narxi avval keskin ko‘tarilib, keyin qisman pasaydi. Global aksiyalar indeksi savdo boshida tushib ketdi, keyin yo‘qotishlarning bir qismini qopladi.
Eskalatsiya fonida OPEC+ davlatlari dam olish kunlari o‘tkazilgan yig‘ilishda kelasi oy uchun kvotalarni kuniga 206 ming barrelga oshirishga kelishdi. Biroq tahlilchilar ta’kidlashicha, agar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi uzoq muddat yopiq qolsa, qo‘shimcha hajmlar bozorga yetib bormasligi mumkin.
Eron kuniga taxminan 3,3 million barrel neft ishlab chiqaradi, bu jahon hajmining 3 foiziga teng. Ammo mamlakatning asosiy ta’siri uning geografik joylashuvi bilan bog‘liq. Fors ko‘rfazidan Xitoy, Hindiston va Yaponiya kabi yirik bozorlarga yo‘nalgan neft aynan shu bo‘g‘oz orqali tashiladi.
Investbanklar prognozi
Citigroup tahlilchilari yaqin haftada Brent narxi 80–90 dollar oralig‘ida bo‘lishini kutmoqda.
Morgan Stanley ikkinchi chorak uchun prognozni 62,5 dollardan 80 dollargacha oshirdi. Goldman Sachs tanker harakati jiddiy izdan chiqqanini, ammo hozircha ishlab chiqarish va eksport infratuzilmasiga zarar tasdiqlanmaganini ma’lum qildi. Wood Mackenzie esa agar navigatsiya tez tiklanmasa, narxlar 100 dollardan oshishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Jahon neft bozori uchun bu mojaro yangi xavfli bosqichni anglatadi. Geosiyosiy tanglik sharoitida har qanday keskin harakat energiya narxlarini yanada yuqori bosqichga olib chiqishi mumkin.





