
Yashnobod tumanidagi yerosti tunneli tubdan yangilanmoqda
Poytaxtning Yashnobod tumanidagi Maxtumquli ko‘chasidan o‘tuvchi tunnelda keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Loyiha doirasida tunnel to‘liq yangilanib, zamonaviy yoritish va bezak tizimi o‘rnatiladi.

Toshkentning Yashnabod tumanidagi Mahtumquli ko‘chasida joylashgan yerosti tunnelida qurilish va bezak ishlari jadal sur’atda amalga oshirilmoqda, deb xabar qilmoqda Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati. Loyihaga ko‘ra, 410 metr uzunlikdagi tunnel ikki yo‘nalish bo‘yicha to‘liq yangilanmoqda. Hozirgacha ob’ektda 118 nafar mutaxassis va 6 ta maxsus texnika ishlamoqda. Rekonstruksiya doirasida:
8 ming m² metall konstruksiyalar o‘rnatilmoqda;
5,2 ming m² yuza travertin toshlari bilan qoplanmoqda;
1 ming m² hajmda marmar va sokol ishlari bajarilmoqda;
38 ta dekorativ panellar o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Tunnelning tashqi ko‘rinishi ham yangicha qiyofa kasb etadi. Tunnel ustidagi temiryo‘l va avtomobil ko‘priklariga bezakli temir panjaralar o‘rnatiladi. Shuningdek, kechasi tunnel zamonaviy yoritish tizimi yordamida yorug‘ va jozibador ko‘rinishda bo‘ladi. Qurilish ishlari 5 noyabrga qadar to‘liq yakunlanishi rejalashtirilgan. Loyiha tugallangach, tunnel shahar infratuzilmasining muhim qismi sifatida harakat xavfsizligini oshirish va yo‘l harakatini yengillashtirishga xizmat qiladi.





