add

Yevrokomissiyadan ogohlantirish: 4 yilda superkompyuterlar barcha parollarni buzadi

26.01.2026 | 08:182 daqiqa

Yevropa Ittifoqida kvant texnologiyalar rivoji raqamli xavfsizlikni xavf ostiga qo‘ydi va hozirgi parollar tez orada ma’nosizga aylanishi mumkin.

Yevrokomissiyadan ogohlantirish: 4 yilda superkompyuterlar barcha parollarni buzadi

Yevropa Ittifoqi hozirgi shifrlash va parol himoyasi tizimlari yaqin yillarda samarasini yo‘qotishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Bu haqda Yevrokomissiyaning texnologik suverenitet va ma’lumotlar xavfsizligi bo‘yicha komissari Henna Virkkunen Yevropa parlamenti deputati Moric Kernerga yo‘llagan rasmiy maktubida ma’lum qildi, deb yozadi «Bild» nashri. Maktubda ta’kidlanishicha, yangi avlod superkompyuterlari va kvant hisoblash tizimlari paydo bo‘lishi bilan davlatlar va hakerlar mavjud kriptografik himoyani buzish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Yevrokomissiyaning baholashiga ko‘ra, asosiy xavf ochiq kalitli shifrlash tizimlariga taalluqli. Bu tizimlar hozir elektron pochta, bank operatsiyalari, davlat ma’lumotlar bazalari va maxfiy muloqotlarni himoya qilishda qo‘llaniladi. Kvant komputerlari esa ushbu himoyani hisoblash quvvati orqali qisqa vaqt ichida chetlab o‘tishi mumkin. Maxsus hisob-kitoblarga ko‘ra, hozirgi xavfsizlik arxitekturasiga taxminan to‘rt yildan kamroq vaqt qolgan.

Mutaxassislar bu xavfni raqamli iqtisodiyot va davlat boshqaruvi uchun tizimli xatar sifatida baholamoqda. Chunki himoya zaiflashsa, fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari, moliyaviy rekvizitlar va davlat sirlari bir vaqtning o‘zida ochiq holatga tushib qolishi mumkin.

 

Postkvant yechimlar

Yevropa Ittifoqi mutaxassislari yagona samarali yechim sifatida postkvant kriptografiyani ko‘rsatmoqda. Bu yangi shifrlash usullari kvant komputerlari hisoblash quvvatiga bardoshli bo‘lishi lozim. Yevrokomissiya tayyorlagan yo‘l xaritasiga ko‘ra, 2030 yilgacha energetika, bank, mudofaa va davlat axborot tizimlari bosqichma-bosqich yangi kriptografik standartlarga o‘tkazilishi tavsiya etilgan.

Shu bilan birga, ushbu qarorlarni amalga oshirish har bir a’zo davlat ixtiyorida qolishi qayd etilmoqda. Bu esa raqamli xavfsizlik darajasida Yevropa ichida nomutanosiblik yuzaga kelishi mumkinligini anglatadi. Ekspertlar bu jarayonni kechiktirish xavfni yanada oshirishini ta’kidlamoqda.

 

Raqamli xavf signali

Yevroparlament deputati Moric Kerner ushbu vaziyatni «Yevropa uchun raqamli xavf signali» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir qo‘llanilayotgan shifrlash usullari kelajak tahdidlaridan himoya qila olmaydi.

Mutaxassislarning ogohlantirishicha, raqamli himoyada har bir kechikkan kun strategik yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin. Shu bois, Yevropa uchun bu masala texnologiya emas, balki iqtisodiy va siyosiy barqarorlik masalasiga aylanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid