Yevropa Ittifoqi 2027 yilgacha yagona integratsiyalashgan bozorga o‘tadi
Yevropa Ittifoqi yetakchilari «Yagona Yevropa, yagona bozor» tashabbusini qo‘llab, 2027 yilgacha chuqur integratsiyalashgan iqtisodiy makon yaratish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Yevropa Ittifoqi Kengashi raisi Antoniu Koshta Belgiyada o‘tgan norasmiy sammit yakunlari bo‘yicha yetakchilar «Yagona Yevropa, yagona bozor» taklifini qabul qilganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, 1992 yilda umumiy bozordan yagona bozorga o‘tilgan bo‘lsa, endi integratsiyalashgan va yagona bozorga o‘tish davri boshlanmoqda.
Koshta bu jarayon 2026–2027 yillarda amalga oshirilishi kerakligini ta’kidladi. Yetakchilar italiyalik sobiq bosh vazir Enriko Letta taklif qilgan parchalangan bozordan to‘liq integratsiyalashgan bozorga o‘tish g‘oyasini ma’qulladi.
Shuningdek, kompaniyalar uchun «28-rejim» joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu mexanizm orqali korxonalar 27 davlat hududida yagona va soddalashtirilgan qonunchilik asosida faoliyat yuritishi mumkin bo‘ladi.
Integratsiyaning asosiy yo‘nalishlari
Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen mart oyidagi navbatdagi sammitga qadar aniq yo‘l xaritasi va amaliy reja taqdim etilishini bildirdi. Unga ko‘ra, strategiyaning birinchi ustuni — kompaniyalar uchun ma’muriy yukni kamaytirish.
Ikkinchi ustun — yagona bozordagi tarmoq va qonunchilik parchalanishini bartaraf etish. Bu raqobatbardoshlikni oshirish va xususiy sarmoyalarni faollashtirishga xizmat qiladi.
Yetakchilar elektr energiyasi narxlarini tushirish va strategik sohalarni qo‘llab-quvvatlash masalalarida ham umumiy pozitsiyaga keldi. Koshta «Ko‘proq sarmoyasiz raqobatbardoshlik bo‘lmaydi» deya ta’kidladi.
Yangi bosqich
Fon der Lyayen energiya narxlari hali ham yuqori ekanini qayd etib, infratuzilmani yaxshilash orqali past uglerodli arzon energiyani yetkazib berish mexanizmlari kuchaytirilishini bildirdi.
Yevropa Ittifoqi 2027 yil oxiriga qadar «Yagona Yevropa, yagona bozor» maqsadiga erishishni rejalashtirmoqda. Brussel buni iqtisodiy raqobat uchun hal qiluvchi bosqich sifatida baholamoqda.





