
Yevropa Ittifoqi X ijtimoiy tarmog‘ini 140 mln dollar jarimaga tortdi
Yevropa Ittifoqi X platformasini onlayn kontent qoidalarini buzganligi uchun 140 mln dollar jarimaga tortgani ma’lum bo‘ldi.

Yevropa Ittifoqining raqamli nazorat organlari Ilon Maskka tegishli X ijtimoiy tarmog‘ini Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonun (DSA) talablarini buzgani uchun 140 million dollar miqdorida jarimaga tortdi. Reuters xabar berishicha, bu DSA doirasidagi ilk yirik sanksiya bo‘lib, AQSH ma’muriyatining keskin tanqidiga sabab bo‘lishi mumkin.
Vashington Yevropa Ittifoqining yirik texnologiya gigantlariga nisbatan qat’iy siyosati AQSH kompaniyalariga bosim o‘tkazmoqda, deb hisoblamoqda. Yevropa Komissiyasi esa o‘z qonunlari milliy manfaatlarga emas, balki global demokratik va raqamli me’yorlarni himoya qilishga qaratilganini ta’kidladi.
DSA bo‘yicha ikki yillik tekshiruvlardan so‘ng qo‘llangan jarimada X kompaniyasining qoidalarni buzganlikka ayblanishiga bir nechta omillar asos bo‘ldi. Xususan, chalg‘ituvchi «ko‘k belgilar» tizimi, reklama omborining shaffof emasligi va tadqiqotchilarga ochiq ma’lumotlarni taqdim qilmaslik shular jumlasidandir. Shu bilan birga, platformaning noqonuniy kontentga qarshi kurash choralari yetarli emasligi qayd etildi.
Yevropa Komissiyasining texnologiya bo‘yicha rahbari Xenna Virkkunen jarima miqdori qoidabuzarliklar masshtabidan kelib chiqqan holda belgilanganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, DSA «senzura quroli» emas, balki platformalar qonunga amal qilishini ta’minlovchi mexanizmdir.





