add

Yevropa Trampga Nobel mukofoti bilan bosim qilmoqda

23.08.2025 | 22:0020324

Yevropa davlatlari Donald Trampning Nobel mukofotiga bo‘lgan qiziqishini Ukraina bo‘yicha muzokaralarda faolroq ishtirok etishga undaydigan vosita sifatida qo‘llashga urinmoqda.

Yevropa Trampga Nobel mukofoti bilan bosim qilmoqda
The Economist jurnalining yozishicha, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Donald Trampning Nobel tinchlik mukofotini olish istagidan diplomatik bosim sifatida foydalanishni rejalashtirmoqda. Maqolada aytilishicha, Yevropa yetakchilari Nobel qo‘mitasiga nomzod sifatida Trampni ko‘rsatishni ochiq qo‘llab-quvvatlab, uni Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroni hal qilish muzokaralariga faolroq jalb etishga intilishlari mumkin. Mukofotga kimni ko‘rsatish huquqiga dunyo bo‘yicha yuz minglab olim va jamoat arboblari ega. Shunga qaramay, Yevropa tomonidan beriladigan ramziy qo‘llab-quvvatlash AQSH prezidenti uchun muhim bo‘lishi mumkin. Jurnal ta’kidlashicha, Norvegiyada joylashgan besh kishilik Nobel qo‘mitasi so‘nggi qarorni mustaqil qabul qiladi. Lekin Bryussel va Oslo Trampni kamida rasman nomzod qilib ko‘rsatish orqali uning tinchlik tashabbuslarini rag‘batlantirishi mumkin. NBC telekanali 15 avgust kuni xabar berishicha, Donald Tramp mukofotni olishni juda istaydi, hatto bu masalada Norvegiyaning sobiq Bosh vaziri va NATOning sobiq Bosh kotibi Yens Stoltenbergga qo‘ng‘iroq qilgan. Rasman bu muloqot tariflar haqida bo‘lgani aytilgan, biroq The Guardian nashriga ko‘ra, Tramp Norvegiyaga savdo imtiyozlari evaziga mukofotni osonlashtirishni taklif qilgan bo‘lishi mumkin. Tramp avvalroq o‘ziga tegishli Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida shunday deb yozgan edi: «Men nimaiki qilmay, baribir Nobel mukofotini olmayman. Lekin odamlar haqiqatni biladi. Shunisi — eng muhimi». The Economist tahliliga ko‘ra, Yevropa Trampning ehtiroslari orqali uni tinchlik yo‘lidagi harakatlarga undashga harakat qilmoqda. Ammo muzokaralar natijasi, avvalo, Moskva va Kiyevga bog‘liq bo‘lib qolaveradi.

Teglar

Mavzuga oid