add

Yevropa yangi dizayndagi yevro banknotlarini joriy qiladi

10.08.2025 | 13:4530483

Yevropa Markaziy banki yevro banknotlarini madaniyat va tabiat mavzulari asosida yangilash, xavfsizlik va zamonaviylikni oshirish rejasini e’lon qildi.

Yevropa yangi dizayndagi yevro banknotlarini joriy qiladi
Yevropa Markaziy banki (YeMB) yevro banknotlari to‘liq yangilanishini ma’lum qildi. Yangi seriya ikki asosiy mavzu:  «Yevropa madaniyati» va «Daryolar va qushlar» tematikasida ishlanadi. «Madaniyat» mavzusida arxitektura inshootlari bilan birga opera, fan, adabiyot va hunarmandchilikda iz qoldirgan tarixiy shaxslar tasvirlanadi. «Daryolar va qushlar» mavzusida esa qit’aning tabiiy boyliklari va barqarorligi aks ettiriladi. Banknotlarning orqa qismida Yevropa institutsiyalari ko‘rsatilib, ushbu qadriyatlarni asrashga urg‘u beriladi. Tashqi ko‘rinishni ishlab chiqish jarayoniga faqat byurokratlar emas, balki turli mamlakatlardan mutaxassislar va aholi ham jalb qilindi. Yevrozonadan ikki maslahat guruhi takliflar berdi, 365 mingga yaqin fuqaro o‘z fikrini bildirdi. Shuningdek, 15 iyul–18 avgust kunlari orasida grafik dizaynerlar uchun ochiq tanlov boshlandi. G‘olib dizaynlar 2026 yilda ommaga taqdim etiladi. YeMBning ma’lum qilishicha, yangi yevro banknotlar aylanmaga kirishi uchun bir necha yil kerak bo‘ladi. Ular zamonaviy, rangdor va qalbakilashtirishga qarshi yuqori darajada himoyalangan bo‘ladi. Ungacha mavjud banknotalar aylanmasi davom etadi, ya’ni yangi seriya chiqishi bilan uzoq muddat davomida birga muomalada bo‘ladi. Eski seriyalar faqat zaxiralar tugagandan keyin bosqichma-bosqich chiqarib tashlanadi. Agar ularni muomaladan olish sanasi belgilansa, bu haqda oldindan xabar beriladi. YeMB bu jarayon bozor va aholi uchun bosqichma-bosqich va oson o‘tishiga kafolat bermoqda.

Teglar

Mavzuga oid