
Yoqilg‘i ishlab chiqaruvchilar yuqori marja hisobiga qisqa muddatli foydaga erishmoqda
03.06.2025 | 22:305344
Yevropa va AQSHdagi neft zavodlari yopilishi hamda yozgi talabning kuchayishi tufayli jahon bo‘ylab neft qayta ishlash marjasi 2025 yil may oyida 14 oylik eng yuqori darajaga ko‘tarildi. Bu holat qayta ishlovchi korxonalar uchun vaqtinchalik foyda olish imkonini bermoqda.

Reuters xabar berishicha, global yoqilg‘i bozorida so‘nggi haftalarda marja oshgani qayta ishlovchi korxonalarga kutilmagan daromad keltirmoqda. Bu holat 2025 yil oxirida kutilgan zaiflashishdan avval sektorga qisqa muddatli nafas olish imkonini bermoqda.
2025 yil may oyida global rafinatsiya marjalari bir barrel uchun $8,37ga yetdi. Bu 2024 yil martidan beri eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, pandemiyadan keyingi davrda kuzatilgan $33,5 darajadan ancha past bo‘lsa-da, so‘nggi pasayishlardan so‘ng ijobiy o‘zgarish hisoblanadi.
AQSH va Yevropadagi zavodlar yopilishi yoqilg‘i ta’minotini cheklamoqda. Masalan, Britaniyadagi Grangemouth, Germaniyadagi Wesseling va AQSHdagi LyondellBasell zavodlari yopilgan yoki yopilish arafasida. Iberiya yarimorolida 1,5 mln barrel quvvatli zavodlar elektr uzilishi tufayli vaqtincha ishlagani yo‘q.
Shu bilan birga, Nigeriyadagi Dangote va Meksikadagi Olmeka kabi yangi mega-loyihalarda aprel oyida rejadan tashqari uzilishlar ro‘y berdi. Bu ham global ta’minotni cheklab qo‘ydi.
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, yoz mavsumida avtoulov va aviasanoatdagi talab o‘sishi bilan birga OESR davlatlaridagi mahsulot zaxiralari 50 mln barrelga qisqargani narxlarga bosimni oshirmoqda.
Phillips 66, Marathon Petroleum kabi AQSH kompaniyalari benzin, dizel va aviayoqilg‘iga talabning barqarorligini qayd etmoqda.
Shu bilan birga, energetika tahlilchilari hozirgi foyda qisqa muddatli ekanini ta’kidlamoqda. Tartibsiz savdo munosabatlari va haddan tashqari ishlab chiqarish darajasi yozda marjalarni pasaytirishi mumkin.
Jahon neft talabining o‘sishi 2025 yilning qolgan qismida kunlik 650 ming barrelni tashkil etishi kutilmoqda, bu birinchi chorakdagi 1 mln barrelga yaqin o‘sishdan pas.
Tajribali treyderlar rafinatsiyachi korxonalarni foydani hoziroq himoya qilishga chaqirmoqda: «Boshqa bunday qulay vaziyat bo‘lmasligi mumkin», — deydi ulardan biri.





