Logo

Yoqilg‘i va gaz shoxobchalaridagi 46 mingdan ortiq kamchilikdan so‘ng xavfsizlik talablari kuchaytirildi

Bugun 16:563 daqiqa

Tekshiruvlarda 46,7 mingdan ortiq qoidabuzarlik aniqlangach, hukumat U-Gas tizimini majburiy qilish, eski va noma’lum muddatdagi uskunalardan foydalanishni cheklash hamda xavf tug‘dirayotgan obyektlarni bosqichma-bosqich ko‘chirish bo‘yicha qaror qabul qildi.

Yoqilg‘i va gaz shoxobchalaridagi 46 mingdan ortiq kamchilikdan so‘ng xavfsizlik talablari kuchaytirildi © natemat.pl

O‘zbekistonda avtomobillarga yoqilg‘i quyish hamda gaz to‘ldirish shoxobchalarida avariya va baxtsiz hodisalarning oldini olishga qaratilgan yangi choralar belgilandi. Bu Vazirlar Mahkamasining 18-iyundagi 315-son qarorida nazarda tutilgan.

Qarorga ko‘ra, mamlakatdagi suyultirilgan va siqilgan gaz hamda neft mahsulotlari sotuvchi jami 6 196 ta yoqilg‘i quyish shoxobchasi, shuningdek, maishiy gaz ballonlarini to‘ldirish stansiya va punktlari xatlovdan o‘tkazildi.

O‘rganishlar natijasida 46,7 mingdan ortiq qoidabuzarlik va kamchilik aniqlangan. Ularning asosiy qismi sanoat va texnika xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi, texnologik jarayonlarga rioya etish, ekologik talablar hamda qurilish me’yorlari bilan bog‘liq bo‘lgan. Tekshiruv davomida 7 166 ta kamchilik joyida bartaraf etilgan, 464 ta obyekt faoliyati esa vaqtincha to‘xtatilgan.

Hukumat, shuningdek, tabiiy gaz savdosini nazorat qilish uchun mo‘ljallangan avtomatlashtirilgan “U-Gas” tizimi ishga tushirilganini ma’lum qildi. Mazkur tizimda 1 553 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyasi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, 1 459 tasida tizim amaliyotga joriy etilgan. Bu stansiyalar faoliyatini va hisob-kitoblarni onlayn kuzatish imkonini beradi.

Bundan tashqari, endilikda bunday obyektlarda tegishli litsenziyalar, texnik hujjatlar, soz holatdagi yong‘in o‘chirish vositalari, tekshiruvdan o‘tgan o‘lchov uskunalari hamda malakali xodimlar bo‘lishi shart.

Mazkur talablarning bajarilishi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Energiya resurslaridan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi, Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi hamda Ekologiya qo‘mitasi tomonidan nazorat qilinadi.

2026 yil 1-sentabrgacha ushbu obyektlar uchun minimal muhandis-texnik shtatlar tasdiqlanishi rejalashtirilgan. Shu sanadan boshlab xizmat muddati tugagan yoki ishlab chiqarilgan sanasi noma’lum bo‘lgan, yuqori bosim ostida ishlovchi uskunalardan foydalanish taqiqlanadi. Mazkur cheklov 2030 yil boshigacha amal qiladi.

Shuningdek, “Eco Himoya” platformasi ma’lumotlari “U-Gas” tizimi bilan integratsiya qilinadi. Natijada gaz quyish vaqtida avtomobildagi gaz ballon uskunasining texnik ko‘rikdan o‘tgan-o‘tmagani avtomatik tekshiriladi.

Hukumat “U-Gas” tizimidan foydalanishni barcha avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun majburiy talab sifatida belgiladi. Tizimni boshqarish va texnik qo‘llab-quvvatlash vazifasi UZINFOCOM zimmasiga yuklatildi.

2026 yil 1-sentabrdan neft mahsulotlari, suyultirilgan va siqilgan gaz saqlash sig‘imlari bilan yonilg‘i taqsimlash uskunalarini bir joyga jamlagan konteynerlarni o‘rnatishga faqat maxsus xavfsizlik talablariga rioya etilgan taqdirdagina ruxsat beriladi. Bunda sertifikatlangan modulli yoqilg‘i quyish shoxobchalari, mustahkam poydevorlar, yong‘inga qarshi to‘siqlar, ikki devorli sig‘imlar va avtomatik blokirovka tizimlari talab etiladi.

2027 yildan boshlab maxsus kurslarni tamomlamagan va tegishli sertifikatga ega bo‘lmagan muhandis-texnik xodimlar bilan ishlaydigan yoqilg‘i quyish hamda gaz to‘ldirish obyektlari faoliyati kamchiliklar bartaf etilgunga qadar to‘xtatiladi.

Bundan tashqari, hukumat neft mahsulotlari va gaz savdosini onlayn monitoring qilish tizimini yaratish, yonilg‘i tarqatish kolonkalari orqali sotuv ma’lumotlarini real vaqt rejimida olish hamda xavfli ishlab chiqarish obyektlaridagi gaz sig‘imlarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Mahalliy hokimliklar va mas’ul tashkilotlarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari hamda gaz to‘ldirish obyektlarining himoya hududlarida boshqa maqsadlardagi qurilishlarga yer ajratmaslik vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, 2026 yil sentabrgacha xavfsizlik, shaharsozlik va ekologik talablarni buzgan holda faoliyat yuritayotgan hamda fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirayotgan obyektlar reyestri shakllantiriladi. Keyinchalik bunday shoxobchalarni bosqichma-bosqich xavfsiz hududlarga ko‘chirish choralari ishlab chiqiladi.

Qaror ijrosi ustidan nazorat Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov zimmasiga yuklatilgan.

Teglar

Mavzuga oid