Yozda arzonlashmaydigan «tonirovka», 390 mlrd so‘m sof foyda ko‘rgan «Payme» va bolalarning ommaviy zaharlanishi bo‘yicha sud hukmi — 14-iyul dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Bog‘cha bolalarining ommaviy zaharlanishi bo‘yicha 11 kishiga hukm chiqarildi
Toshkent viloyatida 2025 yilda maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarning ommaviy zaharlanishi yuzasidan ko‘rilgan jinoyat ishi bo‘yicha 11 nafar ayblanuvchiga hukm o‘qildi. Sud ularni sanitariya qoidalarini buzishda aybli deb topdi.
Hukmga ko‘ra, «Shark Milk Product» mas’ullariga 3 yildan 3,5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, boshqa aybdorlarga esa 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Eslatib o‘tamiz, ushbu holatda 109 nafar bola zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga murojaat qilgan, tekshiruvlar davomida bog‘chalar kefirni «Shark Milk Product»dan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali xarid qilgani aniqlangan.
Surxondaryoda o‘ta issiq kunlarda og‘ir yuk avtomobillari harakati cheklanadi
Surxondaryo viloyatida anomal issiq ob-havo tufayli og‘ir yuk avtomobillari harakatiga vaqtinchalik cheklov joriy etildi. Unga ko‘ra, Termiz shahri, tuman markazlari hamda ularni bog‘lovchi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida og‘ir yuk mashinalari har kuni soat 10:00 dan 19:00 gacha harakatlana olmaydi.
Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, kunduzi havo harorati +42...+44 darajagacha, asfalt qoplamasi esa +70...+80 darajagacha qizishi mumkin. Cheklov yo‘l qoplamasini deformatsiyadan saqlash, harakat xavfsizligini ta’minlash va yo‘llarning xizmat muddatini uzaytirish maqsadida joriy etilgan.
Payme 2025 yilda 390 mlrd so‘m sof foyda oldi
Payme 2025 yilda sof foydasini 42,2 foizga oshirib, 390 mlrd so‘mga yetkazdi. Kompaniyaning sof tushumi ham 56,4 foizga o‘sib, 769,7 mlrd so‘mni tashkil qildi. Yalpi foyda esa 578,3 mlrd so‘mga yetdi.
Kompaniyaning moliyaviy o‘sishi 2026 yilning I choragida ham davom etdi. Uch oyda daromad 230 mlrd so‘mga, sof foyda esa 104 mlrd so‘mga yetdi. Payme TBC Uzbekistan ekotizimi tarkibiga kiradi va 2023 yildan buyon to‘liq TBC Group'ga tegishli.
«Yoz mavsumida «tonirovka» arzonlashtirilmaydi» — IIV
Ichki ishlar vazirligi yoz mavsumi uchun «tonirovka» narxini arzonlashtirish bo‘yicha hozircha hech qanday qaror qabul qilinmaganini ma’lum qildi. Vazirlikka ko‘ra, amaldagi tartib saqlanib qoladi.
IIV ma’lumotiga ko‘ra, 2018 yildan buyon old va old yon oynalarini qoraytirish ruxsatnomasi narxi to‘rt marta qayta ko‘rib chiqilib, 11,25 baravar arzonlashtirilgan. Shuningdek, orqa yon oynalari va orqa oynani qoraytirish bepul qilingan. Vazirlik bu masala bo‘yicha qo‘shimcha takliflar ham o‘rganilayotganini bildirdi.
«Ravshan Zolotoy» nega Interpol qidiruvidan olib tashlangani ochiqlandi
IIV ma’lum qilishicha, «Ravshan Zolotoy» nomi bilan tanilgan Ravshan Muhiddinovga nisbatan 2021 yilda qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha javobgarlikka tortish muddati tugagani sabab unga oid ish qismi tugatilgan. Shundan keyin huquqni muhofaza qiluvchi organlar kelib tushgan boshqa murojaatlar asosida qo‘shimcha tergov harakatlarini o‘tkazgan, ammo yangi ayblovlarni tasdiqlovchi dalillar aniqlanmagan. Shu bois unga nisbatan e’lon qilingan xalqaro qidiruv ham бекор qilingan.
Ravshan Muhiddinov Jinoyat kodeksining mulkni qasddan shikastlash, jinoiy uyushma tashkil etish va bezorilikka oid moddalari bo‘yicha ayblangan edi. Ommaviy axborot vositalarida u tadbirkor G‘ofur Rahimovning jiyani sifatida tilga olinadi. U avval Turkiya va BAAda ham Interpol orqali qo‘lga olingan, biroq O‘zbekiston tomoni ilgari surgan ayblovlar isbotlanmagani sabab ozod qilingan edi.





