Zelenskiy O‘zbekiston kompaniyasiga sanksiya joriy qildi
Bu Rossiya sabab O‘zbekiston korxonalariga nisbatan birinchi marta sanksiya qo‘llanilishi holati emas.

Ukraina prezidenti Voladimir Zelenskiy Rossiya, Belarus, BAA, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekistonning 31 ta kompaniyasiga, shuningdek, 16 nafar Rossiya fuqarosiga nisbatan sanksiyalar joriy etish to‘g‘risidagi ikkita farmonni imzoladi. Bu haqda 30-may kuni Ukraina prezidentining rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Ushbu choralar Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining (MXMK) qarori asosida qabul qilindi va Yevropa Ittifoqining 20-paket sanksiyalari bilan muvofiqlashtirishga qaratilgan. Ushbu paket jami 120 nafar jismoniy va yuridik shaxsga nisbatan iqtisodiy cheklovlarni qamrab oladi.
Sanksiyalar ro‘yxatiga quyidagi soha vakillari kiritildi:
• Harbiy-sanoat majmuasi korxonalari.
• Radioelektron kurash (REB) vositalari ishlab chiqaruvchilar.
• Dronlar uchun dasturiy ta’minot va butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchilar.
• Neft, gaz va oltin qazib oluvchi kompaniyalar.
• Jismoniy shaxslar ro‘yxatidan Rossiya strategik korxonalari rahbarlari, budjet muassasalari vakillari hamda Rossiya armiyasi bo‘linmalari qo‘mondonlari o‘rin oldi.
O‘zbekiston kompaniyalariga nisbatan avvalgi choralar
Bu Rossiya sabab O‘zbekiston korxonalariga nisbatan birinchi marta sanksiya qo‘llanilishi holati emas. Bungacha ham YIning 20-paket sanksiyalari doirasida Ferg‘ona kimyo zavodi va Jizzaxning «Raw Materials Cellulose» korxonalari ro‘yxatga kiritilgan edi. Brussel va Kiyev ushbu kompaniyalarni Rossiya mudofaa zavodlari uchun xom ashyo yetkazib berishda gumon qilgan. Shuningdek, oldinroq «Foton» aksiyadorlik jamiyati ham cheklovlar ostida qolgan edi.





