
Zelenskiy Trampning maxsus vakiliga: Rossiyani faqat kuch to‘xtatishi mumkin
18.08.2025 | 20:3037563
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH prezidentining Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog bilan Vashingtonda uchrashib, frontdagi vaziyat va diplomatik imkoniyatlarni muhokama qildi.

18 avgust kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Vashingtonda AQSH prezidentining Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuv Hay-Adams mehmonxonasida, Oq uy yaqinida bo‘lib o‘tdi.
Zelenskiy muzokaradan so‘ng Telegram orqali bergan bayonotida frontdagi vaziyat va Ukraina, Yevropa hamda AQSHning diplomatik imkoniyatlari muhokama qilinganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyani tinchlikka olib kelishning yagona yo‘li kuch orqali amalga oshishi mumkin.
«Prezident Trampda bunday kuch bor va biz barcha ishlarni to‘g‘ri amalga oshirishimiz kerak, shunda haqiqiy tinchlik bo‘ladi», – dedi Zelenskiy.
Prezident aytishicha, shu tun ham Rossiya Ukraina shaharlariga hujumlarni davom ettirgan. Bu hujumlarda ikki nafar bola halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar yaralangan. Zelenskiy Yevropa xavfsizligi masalasiga ham to‘xtalib, «agar Yevropa davlatlaridan biri uchun tinchlik muhim bo‘lsa, bu barcha qit’a uchun tinchlikdir», – deya ta’kidladi.
Zelenskiy Ukraina urushni tugatish va barqaror xavfsizlikni ta’minlash uchun eng samarali yo‘llarni izlashda davom etishini qayd etdi. Uning fikricha, bu asosiy vazifa hisoblanadi.
Kunning ikkinchi yarmida Zelenskiy Oq uyda AQSH prezidenti Donald Tramp bilan tet-a-tet uchrashuv o‘tkazishi kutilmoqda. Keyinchalik esa Yevropa yetakchilari ishtirokida kengaytirilgan muzokaralar rejalashtirilgan.





