
Zelenskiy va Yevropa Kengashi Putinga qarshi maxsus tribunal tuzishni kelishib oldi
26.06.2025 | 13:4537962
Ukraina va Yevropa Kengashi Rossiya tajovuzi bo‘yicha xalqaro tergovga tayyorgarlikni boshladi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Yevropa Kengashi bosh kotibi Alen Berse Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzi bo‘yicha maxsus tribunal tashkil etish haqidagi kelishuvni imzoladi. Hujjat Yevropa Kengashining Strasburgdagi qarorgohida qabul qilindi.
Zelenskiy ushbu kelishuvni Gaagadagi NATO sammitidan so‘ng tuzgan. Kelishuv asosida, Rossiya oliy rahbariyatiga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atish imkoni yaratiladi. Bu bilan shaxsiy daxlsizlik huquqi bilan himoyalangan shaxslarga nisbatan ham xalqaro tergov o‘tkazish imkoni paydo bo‘ladi.
«Yevropeyskaya pravda» nashriga ko‘ra, sud jarayonlari Rossiya rasmiylari o‘z lavozimlarini tark etganidan so‘ng amalga oshirilishi mumkin. Ushbu mexanizm xalqaro huquqning yuqori bosqichdagi amaliy ijrosini ta’minlashga qaratilgan.
Tribunal Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinchilik harakatlarini qonuniy baholash va javobgarlikka tortish uchun muhim huquqiy poydevor sifatida baholanmoqda. Yevropa Kengashi bu boradagi siyosiy irodani namoyon etmoqda.





