
Zelenskiydan Trampga taklif: «Tomahawk»lar evaziga Ukraina dronlari
18.10.2025 | 08:3811724
Volodimir Zelenskiy AQSHga minglab ukrain dronlarini taqdim etish evaziga Tomahawk raketa tizimlarini olishni taklif qildi. Tramp bu g‘oyani muhokama qilishga tayyorligini bildirdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy juma kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Donald Trampga yangi kelishuv taklif qildi: Kiyev AQSHga minglab ukrain dronlarini berishi, evaziga esa Tomahawk qanotli raketalari va boshqa qurol-yarog‘ olishi mumkin. Bu haqda BBC xabar berdi.
«Zamonaviy urushlar katta miqdorda dron talab qiladi. Urush faqat «Tomahawk»lar emas — bu minglab uchuvchisiz apparatlar. Biz ularni ishlab chiqaramiz. AQSHda boshqa turdagi raketalar ko‘p, lekin bizdagi kabi minglab dronlar yo‘q. Biz dronlar bo‘yicha jiddiy taklif berdik», — dedi Zelenskiy.
Donald Tramp bu taklif haqidagi savolga javob berib shunday dedi: «Ha, shunday yo‘l tutishimiz mumkin. Bizda ham hozir ko‘p dronlar bor, o‘zimiz ham ishlab chiqaramiz, boshqa davlatlardan ham sotib olamiz. Men ukrain dronlariga qiziqyapman — ular juda yaxshi apparatlar. Bu urush tufayli so‘nggi yillarda dronlar asosiy qurolga aylandi», — dedi Tramp Reuters agentligiga.
Amerika prezidenti shuningdek, Ukrainaga Tomahawk raketalarini berish masalasi ikki davlat rahbarlari uchrashuvi kun tartibida borligini tasdiqladi. «Biz bu haqda gapiramiz. Bu haqiqatan eskalatsiya bo‘ladi, lekin muhokama qilinishi kerak bo‘lgan masala», — dedi Tramp, Ukrainaga Rossiya hududi ichkarisiga uzoq masofali zarbalar berish ruxsati haqidagi savolga javob bera turib.
Trampning ta’kidlashicha, Tomahawk — juda kuchli va aniq qurol bo‘lib, ularning o‘ziga ham kerak ekanini unutmaslik kerak. «Umid qilamanki, ularga bu qurol kerak bo‘lmaydi. Biz urushni «Tomahawk»larsiz tugatishga umid qilamiz. Biz faqat bitta narsani xohlaymiz — urushning tugashini», — dedi AQSH prezidenti.





