
Zomindagi mashhur osma ko‘prik 150 mlrd so‘mga auksionga qo‘yildi
Jizzax viloyati Zomin tumanida joylashgan mashhur osma ko‘prik va unga bog‘liq xizmat ko‘rsatish ob’ektlari 23-dekabr kuni auksionga chiqariladi.

Jizzax viloyatining Zomin tumanida joylashgan turistik xizmat ko‘rsatish ob’ektlari majmuasi ochiq elektron auksion orqali sotuvga qo‘yildi. Savdoga mashhur osma ko‘prik, restoran, kafe, savdo do‘konlari hamda boshqa infratuzilma ob’ektlari chiqarilgan.
Auksion 23-dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. Ob’ektlar uchun boshlang‘ich narx sifatida 149,3 mlrd so‘m belgilangan. Savdoga qo‘yilgan mulklarning umumiy maydoni 22,1 ming kvadrat metrni tashkil qiladi.
Kimoshdi savdosi bo‘yicha buyurtmachi sifatida «Turon Plaza Hotel» MCHJ ko‘rsatilgan. Kompaniyaning yagona ta’sischisi “Turonbank” hisoblanadi. Ob’ektlar kompleksi turizm va servis sohasida faoliyat yuritish uchun to‘liq tayyor holatda ekani qayd etilgan.
Zomindagi osma ko‘prik 2023 yilda rasman foydalanishga topshirilgan. U qisqa vaqt ichida nafaqat hududiy, balki respublika miqyosidagi mashhur turistik maskanga aylangan. Ko‘prikning umumiy uzunligi 305 metr, yerdan balandligi esa 150 metrni tashkil qiladi. Muhandislik hisob-kitoblariga ko‘ra, osma ko‘prik bir vaqtning o‘zida 600 nafar kishini ko‘tara oladi.
Mutaxassislar fikricha, ushbu ob’ektning auksionga chiqarilishi xususiy investorlar uchun turizm va dam olish infratuzilmasiga kirish imkoniyatlarini kengaytiradi. Zomin hududining tabiiy landshafti va turistik salohiyati hisobga olinganda, obyekt yuqori investitsion jozibadorlikka ega.
Avvalroq Toshkent markazida joylashgan Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi binosi 242 mlrd so‘mga auksion orqali sotilgangani haqida xabar bergan edik.





