
2 mlrd rubllik «ruscha Vikipediya» rasman yopiladi
Rossiya byudjeti 2 mlrd rubl sarflagan ensiklopediya loyihasi tugatildi, xodimlarga maosh to‘lanmay qolgan, materiallar «Ruviki»ga o‘tkazilishi mumkin.

Rossiya hukumati «Rossiyaning katta enitslopediyasi» («Bolshaya rossiyskaya ensiklopediya» — BRE) loyihasini rasman yopish haqida qaror qabul qildi. Bu ensiklopediyani yaratish uchun umumiy hisobda 2 mlrd rubl sarflangan bo‘lsa, endi uni tugatish uchun yana 303 mln rubl ajratildi. Bu mablag‘lar xodimlar maoshi, ishdan bo‘shatish to‘lovlari va boshqa qarzlar uchun sarflanadi.
BRE loyihasi 2019 yilda Vladimir Putin tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan. Unda Vikipediyaga muqobil milliy onlayn-ensiklopediya yaratish ko‘zda tutilgan edi. Biroq, boshidanoq muhokamalarga sabab bo‘lgan loyiha 2022 yilda amalga oshirilishi kerak edi, ammo muddatlar ortga surildi, texnik muammolar va tanqidlar ortib bordi.
Resursda ko‘plab maqolalar «Katta sovet ensiklopediyasi»dan olingani sababli ma’lumotlar eskirgan, Putin va boshqa siyosiy shaxslar haqida ma’lumotlar yo‘q edi. Bu esa loyihaga ishonchni pasaytirdi.
2024 yil bahorida xodimlar 2023 yil dekabridan buyon maosh olmayotganini ma’lum qilgan, iyun oyida esa sayt yangilanishi to‘xtagan. Iyulda rasmiy ravishda portal faoliyati tugatilgani e’lon qilindi. Endi uning qolgan materiallari milliy internet-ensiklopediya «Ruviki»ga o‘tkazilishi mumkin.
Loyiha tugatilishi Rossiyada davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan, ammo natijasiz yakunlangan yirik media-tashabbuslardan biri bo‘lib qoldi.





