add

Abdusaid Ko‘chimov: «Karvonimizga tahdid soladigan har qanday kuchning popugini pasaytirib qo‘yishimiz shart»

Kecha 09:353 daqiqa

Senator Abdusaid Ko‘chimov tashqi bosimlarga qarshi qat’iy pozitsiya va milliy manfaatlarni himoya qilish zarurligini ta’kidladi.

Abdusaid Ko‘chimov: «Karvonimizga tahdid soladigan har qanday kuchning popugini pasaytirib qo‘yishimiz shart»

Oliy Majlis Senatining 5-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida senator Abdusaid Ko‘chimov so‘zga chiqib, O‘zbekiston har qanday tashqi kuchning vasiylik yoki bosim o‘tkazishga urinishlarini qat’iy rad etishi lozimligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, hozirgi murakkab geosiyosiy sharoitda davlat o‘z milliy manfaatlarini himoya qilishda prinsipial va izchil pozitsiyani saqlab qolishi shart.

Prezidentning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi

Senator nutqida davlat rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Qayd etilishicha, hujjatda mamlakat taraqqiyotini belgilab beruvchi olti ustuvor yo‘nalish aniq belgilangan bo‘lib, ular yangi O‘zbekistonni barpo etishning mustahkam poydevorini tashkil qiladi. Ko‘chimov bu yo‘nalishlar bugungi islohotlar bilan kelajakdagi uchinchi renessans g‘oyalari o‘rtasida uzviy bog‘liqlikni ta’minlashini ta’kidladi.

Abdusaid Ko‘chimovning so‘zlariga ko‘ra, murojaatnomada ko‘tarilgan masalalar faqat ichki siyosat doirasida emas, balki xalqaro maydonda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Hujjatning bir necha xorijiy tillarga tarjima qilinib e’lon qilinishi undagi g‘oya va yondashuvlarning jahon miqyosida dolzarb ekanidan dalolat beradi.

Xalqaro munosabatlar

Jahondagi hozirgi vaziyatga to‘xtalar ekan, senator xalqaro munosabatlarda keskinlik kuchayib borayotganini qayd etdi. U zo‘ravon siyosat, shoshma-shoshar qarorlar va beqarorlik sharoitida hech bir davlat o‘zini to‘liq xotirjam his qila olmasligini ta’kidladi.

Nutq davomida Abdusaid Ko‘chimov ayrim tashqi kuchlarning o‘zini ustun qo‘yishga intilishlarini tanqid qildi. «Karvonimizga tahdid soladigan har qanday kuchga, akillagan har qanday laycha yoki qashqirga qarshi o‘z joyida qat’iy javob berishimiz, ularning popugini pasaytirib, aqlini kirgizib qo‘yishimiz shart».

Senatorning fikricha, mamlakat faqat birlik, iroda va izchil amaliy ishlar orqali tashqi bosimlarga qarshi turib, oldiga qo‘yilgan strategik maqsadlarga erisha oladi.

Markaziy Osiyo davlatlariga tahdidlar

Solovyov chiqishi

Avvalroq rossiyalik telejurnalist Vladimir Solovyov ham Markaziy Osiyo va Armanistonni Rossiya milliy xavfsizligi uchun muhim hududlar sifatida ta’riflab, bu mintaqalarda ham harbiy amaliyotlar o‘tkazish kerakligini aytgan. U xalqaro huquq me’yorlarini ochiqchasiga ikkinchi darajaga surish kerakligini ta’kidlagan.

Solovyovning ushbu fikrlariga Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova munosabat bildirib, jurnalistning bayonotlarini uning shaxsiy qarashlari sifatida baholagan.

Duginning O‘zbekiston suverenitetiga tahdidi

«Rus dunyosi» g‘oyasining asosiy mafkurachisi, faylasuf Aleksandr Dugin Markaziy Osiyo va boshqa sobiq SSSR hududlarining suverenitetini inkor etib, Rossiya ularni o‘z nazorati ostiga olishi kerakligini aytgan edi. Uning fikricha, aks holda bu hududlar G‘arb davlatlari uchun geosiyosiy tayanch nuqtaga aylanadi.

Undan so‘ng, Rossiyalik sobiq bokschi va siyosatshunos Nikolay Valuyev ham Markaziy osiyo davlatlariga tahdid qildi. U Putinga yaqinligi bilan tanilgan faylasuf Aleksandr Dugin g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab, Ukrainada amalga oshirilayotgan «maxsus harbiy operatsiya»lar sobiq sovet respublikalarida ham o‘tkazilishi kerakligini aytgan.

O‘zbekistonlik mashhur bokschi Ruslan Chagayev Valuyevning so‘zlariga javoban uni jangga chaqirdi. Chagayev Valuyevning chiqishini haqoratli deb baholab, bu kabi fikrlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hozirgi ijobiy munosabatlarga putur yetkazishini ta’kidladi.

Keyinchalik «Rossiya 1» telekanali efirida Markaziy Osiyo va Kavkazdagi suveren davlatlarga nisbatan yana bir bahsli bayonot yangradi. Vladimir Solovyov boshlovchiligidagi «Vecher s Vladimirom Solovyovim» dasturida ishtirok etgan siyosatshunos Sergey Mixeyev mintaqa davlatlarining tashqi siyosat yo‘nalishini tanqid qilib, ular bilan munosabatlarda teng huquqli sheriklik tamoyilini amalda rad etdi.

«Rossiya barchaga qarzdor bo‘ladigan vaziyat – Rossiya esa hech kimga qarzdor emas – bu boshi berk bo‘lgan vaziyat. Ha, bu postsovet mamlakatlariga doimo bizni turli loyihalar bilan shantaj qilishga imkon beradi…
Biz shusiz ham ularning ko‘plab muammolarini hal qilib beryapmiz. Bu mehnat migratsiyasiga ham, biz ko‘rsatayotgan yordamga ham va boshqa ko‘p narsalarga ham taalluqli. Ammo doim biz qarzdordekmiz. Menimcha, xafa bo‘lmanglar, ammo bunday ohang hozir Ukraina bilan sodir bo‘layotgan voqealarning sabablaridan biriga aylangandi», – degan u.

Teglar

Mavzuga oid