
Abramovich «Galatasaroy» aksiyalarini sotib olmoqchi
Roman Abramovich Turkiyada yashashni niyat qilgan va hatto Bosfor bo‘yidan uy ham xarid qilgan.

Rossiyalik tadbirkor Roman Abramovich Turkiyaning «Galatasaroy» futbol klubining sherik egasiga aylanishi mumkin. Bu haqda Sözcü nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Abramovich Istanbul jamoasining yirik aksiya paketini sotib olishni rejalashtirmoqda, Turkiyada yashashni niyat qilgan va hatto Bosfor bo‘yidan uy ham xarid qilgan.
Biroq, klubning mulkchilik tizimi xususiy emas — u Galatasaray Spor Kulübü a’zolariga tegishli bo‘lib, Galatasaray Sportif A.Ş. orqali boshqariladi. Shu sababli Abramovich klubda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aksiyalar sotib ola olmaydi, balki moliyaviy hamkorlik yoki reklama shartnomalari orqali ishtirok etishi mumkin. «Galatasaroy» aktivlari faqat klub a’zolarining roziligi bilangina sotilishi mumkin.
Roman Abramovich 2003 yil yozidan 2022 yil bahorigacha Londonning «Chelsi» klubiga egalik qilgan. 2022 yil mart oyida Buyuk Britaniya hukumati Ukrainadagi urush sababli tadbirkorga qarshi sanksiyalar joriy etib, uning aktivlarini muzlatib qo‘ydi.
Abramovich «Chelsi»ni 4,25 milliard funt sterlingga sotishga majbur bo‘ldi (Britaniya hukumati talabiga ko‘ra, u bu mablag‘dan foydalana olmadi). Klubning yangi egasi amerikalik tadbirkor Todd Boli boshchiligidagi konsorsium bo‘ldi.
2025 yil iyul oyida Roman Abramovich «Sanksiyalar ostida: «Chelsi» sotuvining ichki tarixi» kitobi muallifi Nik Pyurelga bergan intervyusida boshqa futbol klublarini sotib olishni rejalashtirmayotganini aytdi.
1905 yilda tashkil etilgan «Galatasaray» Turkiyaning eng nufuzli klublaridan biri bo‘lib, 25 marta mamlakat chempioni, 19 marta Kubok sohibi va Yevropa arenasida ham yutuqlarga erishgan.





