add

Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish: 2026 yilgi jarayonga start berilmoqda

14.01.2026 | 14:182 daqiqa

2026 yilda O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish to‘liq raqamli formatda o‘tkaziladi. Jarayon mamlakatning kelgusi ijtimoiy-iqtisodiy siyosati uchun asosiy ma’lumot manbaiga aylanadi.

Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish: 2026 yilgi jarayonga start berilmoqda

2026 yil 14-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasida ommaviy axborot vositalari uchun aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi. Tadbirda qo‘mita raisi Behzod Hamrayev ro‘yxatga olishning maqsadi, bosqichlari va texnik jihatlari haqida batafsil ma’lumot berdi, deb xabar bermoqda Vaqt.uz muxbiri.

Qo‘mita raisining ta’kidlashicha, mazkur ro‘yxatga olish — mamlakatda 1989 yildan buyon ilk bor o‘tkazilayotgan eng yirik statistik tadbirlardan biri bo‘lib, aholi soni va tarkibi, yashash sharoiti, mehnat resurslari hamda qishloq xo‘jaligining real holatini aniqlash imkonini beradi. Olingan ma’lumotlar davlat dasturlari, hududlarni rivojlantirish rejalari va manzilli ijtimoiy qarorlarni ishlab chiqishda asos bo‘ladi.

Jarayon Prezidentning 2025 yil 19-sentabrdagi farmoni asosida ikki bosqichda tashkil etiladi. Birinchi bosqich 15–31-yanvar kunlari o‘tkazilib, fuqarolar maxsus internet portali orqali mustaqil ravishda onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Bu usul qulayligi va tezkorligi sababli aholiga ustuvor tarzda tavsiya etilmoqda. Ikkinchi bosqich 4–28-fevral kunlari «mahalla yettiligi» tizimi xodimlari tomonidan uyma-uy yurib, planshetlar orqali amalga oshiriladi.

Ro‘yxatga olishni ta’minlash uchun respublika bo‘yicha 223 ta shtab tashkil etilgan, 55 mingdan ortiq xodim maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan. 2025 yil dekabr oyida 7 milliondan ziyod turar joy obyektlarining GPS koordinatalari aniqlandi, shuningdek, jarayonni real vaqtda kuzatish uchun monitoring tizimlari ishlab chiqildi.

Ma’lumotlarning maxfiyligi alohida kafolatlanadi: barcha axborot qonunchilikka muvofiq himoya qilinadi va faqat statistik maqsadlarda qo‘llaniladi. Soliq yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ma’lumot uzatilmaydi.

Dastlabki natijalar 2026 yil 1-iyulga qadar, yakuniy hisobotlar esa 2027 yil 1-iyulgacha e’lon qilinishi rejalashtirilgan. Mas’ullar barcha fuqarolarni ro‘yxatga olishda faol ishtirok etishga chaqirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid