add

Aholini ro‘yxatga olish jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi

01.10.2025 | 11:103164

O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayoni va uning ahamiyati haqida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Aholini ro‘yxatga olish jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi
2025 yil 30 sentyabr kuni Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida»gi PF-173-son Farmonining mazmun-mohiyati va ahamiyati yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Anjumanga Milliy statistika qo‘mitasi rahbariyati, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi vakillari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi. Farmonga ko‘ra, O‘zbekistonda axolini ro‘yxatga olish so‘nggi marta 1989 yilda amalga oshirilgan. Shu sababli, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish 2026 yil 15 yanvardan 28 fevralgacha o‘tkaziladi. Ro‘yxatga olish jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi: birinchidan, census.stat.uz portali orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi, ikkinchidan esa «mahalla yettiligi» a’zolari ishtirokida uyma-uy yurib ma’lumot yig‘iladi. So‘rovnoma 71 ta savoldan iborat bo‘lib, ularning 54 tasi aholiga, 17 tasi qishloq xo‘jaligiga oid. Savollar asosan demografik ko‘rsatkichlar, aholining daromad manbai, bandligi, ta’lim darajasi va qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq savollarni qamrab oladi. BMT Aholishunoslik jamg‘armasi va BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ekspertlari O‘zbekistondagi ro‘yxatga olish jarayonining xalqaro standartlarga mosligini va uning natijalari xalqaro miqyosda e’tirof etilishini ta’kidladilar. Aholini ro‘yxatga olish 37 yil ortga surilgan jarayon. O‘zbekiston biror marta aholini ro‘yxatdan o‘tkazmagan yagona postsovet davlati. Rejalar bir necha bor elon qilingan, hatto 2022 yilda Jahon bankidan 50 mln dollar kredit ham olingan. Biroq jarayon pandemiya, mablag‘ yetishmasligi va tashkiliy sabablar bilan ortga surilib kelmoqda.

Teglar

Mavzuga oid