add

«Boqimanda odamga yordam bermaslik kerak» — Sirdaryo hokimi

23.08.2025 | 17:0027983

Sirdaryo hokimi Erkinjon Turdimov ta’kidlashicha, viloyatda ishga layoqatli odamlar orasida ishlashdan ko‘ra nafaqa talab qiladiganlar ko‘payib bormoqda.

«Boqimanda odamga yordam bermaslik kerak» — Sirdaryo hokimi
Sirdaryoda o‘tgan xalq deputatlari sessiyasida hokim Erkinjon Turdimov aholi orasida ishsizlik o‘sib, ko‘plar boqimandalik kayfiyatiga berilayotganini keskin tanqid qildi. Hokim ta’kidlashicha, Sirdaryoda boshqa viloyatlarga nisbatan ish bilan ta’minlash imkoniyatlari ko‘proq. Biroq ko‘plab aholi mavjud bo‘sh ish o‘rinlaridan bexabar qolmoqda. Shu bois ko‘plab mutaxassislar qo‘shni viloyatlardan kelib shu yerda mehnat qilmoqda. Turdimovning so‘zlariga ko‘ra, mahalla raislari va mas’ullar ishchi kuchini jalb qilishda yetarli harakat qilmayapti. «Kun o‘tsa bo‘ldi» deydigan rahbarlar ham borligiga urg‘u berdi. U ishsizlik ortishi odamlarni «boqimandalik kayfiyatiga» olib kelayotganini ta’kidladi. Hokimning fikricha, ishga yaroqli odamlarga nafaqa yordami berilmasligi kerak. Uning ta’kidlashicha, ba’zilar uch million so‘mlik maoshni «kam» deb ishga kirishishdan bosh tortmoqda. «Kim ko‘proq maosh xohlasa, bilim olishi, mutaxassis bo‘lishi shart. Diplom emas, amaliy bilim muhim», dedi Turdimov. U shuningdek, aholi orasida «faqat ber», deya yordam kutadiganlar ko‘payganini qayd etdi. Hokimning ta’kidlashicha, haqiqiy kambag‘al bilan boqimandaning farqi bor: kambag‘al ishlay olmaydi, lekin boqimanda ishlashdan qochadi. Shuning uchun «ishlaydigan odamga haq berish, ishlamasa — katta ko‘cha» tamoyilini joriy etish zarurligini bildirdi.

Teglar

Mavzuga oid