
Boysunda o‘qituvchi o‘quvchining yelkasini sindirgani aytilmoqda
Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi maktabda o‘qituvchi 2-sinf o‘quvchisini urgani va natijada bolaning yelkasi singani haqidagi video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabar bildirdi.

Tarqalgan videoda o‘qituvchi Y.H. ismli shaxs maktabga futbolka kiyib kelgan S.J. ismli o‘quvchini jazolab, unga tan jarohati yetkazgani aytilgan. Bolaning onasi mutasaddilarga murojaat qilganini, ammo zarur javob ololmaganini ma’lum qilgan.
Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy bayonotida aytilishicha, holat nazoratga olingan va voqea yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda surishtiruv boshlangan. Voqea sabablari va ishtirokchilarning harakatlari o‘rganilmoqda, natijalar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar berilishi aytilgan.
Boshqarma ta’kidlaganidek, bolalarning huquqlari, sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligini ta’minlash — ta’lim tizimi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ta’lim muassasalarida zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yilmasligi kerakligi yana bir bor eslatildi.
Hozircha hodisa bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tekshiruvni davom ettirmoqda.





