add

Chet elda qarovsiz qolgan bolalar O‘zbekistonga qaytarildi

Kecha 13:152 daqiqa

Rossiyaning turli shaharlarida ota-ona qaramog‘isiz qolgan 6 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi.

Chet elda qarovsiz qolgan bolalar O‘zbekistonga qaytarildi

Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan 6 nafar bola O‘zbekistonga olib kelindi, Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur jarayon O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlaridan iborat ishchi guruhning Rossiya Federatsiyasiga xizmat safari davomida amalga oshirilgan.

Shu bilan birga, bolalarni qaytarish masalasi O‘zbekiston Bolalar ombudsmani tomonidan Rossiyadagi hamkasbiga yuborilgan rasmiy so‘rov asosida ham ko‘rib chiqilgan. Rossiya Bolalar ombudsmani tomonidan ko‘rilgan tezkor choralar natijasida bolalar vaqtincha joylashgan hududlarda ular uchun zarur yordam ko‘rsatilib, munosib shart-sharoitlar ta’minlangan.

Qayd etilishicha, bolalar Sankt-Peterburgdan 2 nafar, Moskva shahridan 1 nafar, Moskva viloyatidan 1 nafar, Tatariston Respublikasining Qozon shahridan 1 nafar hamda Kabardin-Balqar Respublikasidan 1 nafarni tashkil etgan.

Voyaga yetmaganlar Toshkent shahridagi Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroport orqali mamlakatimizga olib kelingan. Kelganidan so‘ng ular vaqtincha Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan.

Zarur huquqiy va tibbiy tekshiruvlar o‘tkazilgandan keyin 5 nafar bola belgilangan tartibda o‘z ota-onalariga topshirilgan. Yana 1 nafar bolani esa markaz xodimlari hamrohligida Samarqand shahriga yuborib, onasiga topshirish rejalashtirilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bolalarning keyingi ijtimoiy himoyasi va jamiyatga moslashuv jarayonlari ularning yashash manzillari bo‘yicha «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan davom ettiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avval ham Rossiyaning Yekaterinburg, Moskva, Volgograd va boshqa shaharlarda ota-onasi qaramog‘isiz qolgan 19 nafar bola O‘zbekistonga qaytarilganligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid