Logo

O‘zbekistondan xorijga ketgan ishchilar soni e’lon qilindi

Bugun 18:552 daqiqa

O‘zbekistonlik mehnat migrantlari oqimi Rossiyadan Yevropa va Osiyoga qarab yo‘nalishini o‘zgartirmoqda.

O‘zbekistondan xorijga ketgan ishchilar soni e’lon qilindi

Ayni vaqtda taxminan 1,4 million nafar O‘zbekiston fuqarosi dunyoning 40 ga yaqin davlatida mehnat qilmoqda. Bu haqda Markaziy bankning 2026 yil birinchi yarim yilligida jismoniy shaxslarning valuta operatsiyalari bo‘yicha tahliliy sharhida ma’lum qilindi.

Migratsiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, xorijda ishlayotgan o‘zbekistonliklarning 834,2 ming nafari Rossiya, 84,4 ming nafari Qozog‘iston, 72,1 ming nafari Turkiya va 46,4 ming nafari Janubiy Koreya hissasiga to‘g‘ri keladi. Yevropa mintaqasida 258 ming nafar, boshqa davlatlarda esa 97,7 ming nafar fuqaro mehnat qilmoqda.

Ularning 398,9 ming nafari, ya’ni 28,6 foizi ayollardan iborat. 402,1 ming nafar yoki 28,9 foizini yoshlar tashkil etadi. Bu tashqi mehnat migratsiyasida ayollar va yoshlar ulushi ham sezilarli darajada ekanini ko‘rsatadi.

Migratsiya xaritasi o‘zgarmoqda

Markaziy bank tahlilida mehnat migratsiyasining yo‘nalishlari so‘nggi davrda o‘zgarayotgani qayd etilgan. Xususan, MDH davlatlarining ulushi 29 foizgacha kamaygan.

Shu bilan birga, Yevropa mintaqasida o‘zbekistonlik mehnat migrantlari ulushi 42 foizga, Sharqiy Osiyo mintaqasida esa 26 foizga oshgan.

Markaziy bank tahliliga ko‘ra, migratsiya qarorlariga ta’sir qiluvchi asosiy iqtisodiy omillardan biri — O‘zbekiston va mehnat migrantlarini qabul qiluvchi davlatlardagi ish haqi o‘rtasidagi farq hisoblanadi.

Yevropada ishchi kuchiga talab ortadi

Markaziy bank Yevropani O‘zbekiston uchun istiqbolli mehnat bozorlaridan biri sifatida baholagan. 2030 yilgacha mintaqada aholining qarishi va mehnatga layoqatli aholi ulushining qisqarishi asosiy tarkibiy muammolardan biriga aylanishi kutilmoqda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Yevropa mintaqasida ishchi kuchi taqchilligi 7,5–10,5 million kishiga yetishi mumkin. Bu esa O‘zbekistonliklar uchun bir qator sohalarda yangi imkoniyatlar yaratishi ehtimoli bor.

Xususan, muhandislik, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish, infratuzilma qurilishi, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, axborot texnologiyalari, turizm hamda xizmat ko‘rsatish sohalarida ishchi kuchiga talab oshishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid