Logo

«Pul ham, uy ham, soch ham ketdi» — «Real Sanjik» sudidan reportaj

Bugun 21:024 daqiqa

Avtobloger va tadbirkor Sanjar Karimovga oid jinoyat ishi Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasida yakuniy bosqichga yaqinlashdi. 14-avgust kuni sudda taraflar muzokarasi boshlandi. Himoya tomonining bir necha advokati ketma-ket nutq so‘zlab, Karimovga qo‘yilgan uchta — tahdid, firibgarlik hamda giyohvandlik vositalarini o‘tkazish maqsadida saqlash bilan bog‘liq ayblovlar yuzasidan e’tirozlarini bildirdi. Advokatlar tintuvlar qonuniyligidan tortib, dalillarning maqbulligi va jinoyat tarkibining isbotlangan-isbotlanmaganigacha bo‘lgan masalalarni ko‘tardi.

Dastlab muzokara nutqini advokat Abduraimov boshladi. Uning nutqi asosan ishning uchinchi epizodi — giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq ayblov atrofida qurildi. Himoyachining aytishicha, birinchi instansiya hukmida giyohvandlik vositasining aniq nomi va miqdori ko‘rsatilmagan. U buni dalillarni baholashda jiddiy kamchilik, deb hisoblaydi. Advokat, shuningdek, giyohvandlik vositalarining turi, miqdori va xususiyatlarini aniqlash uchun tegishli ekspertiza zarurligini ta’kidladi.

Abduraimovning fikricha, tintuv jarayonida ham bir qator protsessual talablar buzilgan. Xususan, tintuvda qatnashgan ayrim shaxslarning voqeadagi roli, ular nimalarni ko‘rgani va nimalarga imzo qo‘ygani masalasida savollar borligini bildirdi. Advokatning asosiy talabi — qonun buzilgan holda olingan dalillarni nomaqbul deb topish va ularga asoslangan ayblovni bekor qilish. U, shuningdek, Karimovga nisbatan ЖКнинг 112, 168 va 273-moddalari bo‘yicha ayb yetarli darajada isbotlanmaganini aytib, uchala epizod bo‘yicha ham oqlov so‘radi.

Advokat Fozilov ham JKning 273-moddasi bo‘yicha ayblovga alohida to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, Karimov giyohvandlik vositasini iste’mol qilganini tan olmagan, qolaversa, uni boshqa birovga sotish yoki o‘tkazish maqsadi bo‘lganini ko‘rsatuvchi aniq dalillar ishda mavjud emas. Himoyachi telefonlar, yozishmalar va boshqa ma’lumotlar tekshirilganini, biroq Karimovning giyohvandlik vositasini kimga, qachon yoki qanday tarzda o‘tkazmoqchi bo‘lgani haqida dalil topilmaganini bildirdi.

Fozilovning fikricha, tintuv natijalari ham nomaqbul dalil sifatida baholanishi kerak. U 112-modda bo‘yicha ham, 168-modda bo‘yicha ham jinoyat tarkibi mavjud emasligini aytib, ishni tugatishni so‘radi.

Advokat Ashurov esa JKning 112-moddasi bo‘yicha ayblovga kengroq to‘xtaldi. Himoyachi birinchi instansiya sudida Karimov va jabrlanuvchi o‘rtasidagi suhbatlar to‘g‘ri baholanmaganini ta’kidladi. Uning fikricha, keskin va haqoratli iboralar avtomatik ravishda qotillik yoki zo‘ravonlik bilan real tahdid qilish degani emas. Ashurov suddan ushbu suhbat bo‘yicha lingvistik ekspertiza o‘tkazish zarurati haqidagi himoya iltimosnomalariga e’tibor qaratishni so‘radi. Advokatning ta’kidlashicha, tahdidning real ekanini ko‘rsatuvchi obyektiv harakatlar — jabrlanuvchini izlash, ta’qib qilish, qurol ko‘rsatish yoki hujumga tayyorgarlik kabi holatlar aniqlanmagan. Shu sababli u 112-modda bo‘yicha ayblov ham isbotlanmagan, deb hisoblaydi.

Himoya tomonining yana bir asosiy e’tirozi 168-modda — firibgarlik bilan bog‘liq epizodga taalluqli bo‘ldi. Advokatlar Karimovning uyga egalik qilish uchun jabrlanuvchilarni aldashdan oldindan manfaatdor bo‘lgani isbotlanmaganini aytdi. Ularning versiyasiga ko‘ra, Karimov katta miqdorda pul bergan va uy garov sifatida uning qo‘lida turgan. Pul qaytarilsa, uy ham qaytarilishi kerak bo‘lgan. Shu bois himoya bu munosabatlarni jinoyat emas, fuqarolik-huquqiy nizo sifatida baholash kerakligini ilgari surdi.

Keyingi advokat ham firibgarlik tarkibi uchun muhim bo‘lgan savollar — aynan qanday aldov sodir etilgani, Karimovning oldindan jinoyat qasdi bo‘lgan-bo‘lmagani va uning harakatlari bilan mulkning o‘tishi o‘rtasida sababiy bog‘liqlik borligi isbotlanganmi, degan masalalar ochiq qolganini ta’kidladi. Muzokaralarning eng katta qismi tintuvlarga bog‘liq bo‘ldi. Himoyachilarning aytishicha, ayrim obyektlarda tintuv o‘tkazish uchun asoslar yetarlicha ko‘rsatilmagan. Xususan, ayrim xonadon va noturar joylarda o‘tkazilgan tintuvlar bo‘yicha qarorlar, ishtirokchilar tarkibi va protsessual vakolatlar yuzasidan savollar mavjud.

Advokatlardan biri tintuv o‘tkazilgan manzil bo‘yicha qarorda ko‘rsatilgan xonadon bilan amalda tintuv o‘tkazilgan joy o‘rtasida tafovut borligini aytdi. Uning fikricha, bu holat tintuv natijasida olingan dalillarning maqbulligiga bevosita ta’sir qiladi. Himoya, shuningdek, tintuvda ishtirok etgan ayrim xodimlar giyohvandlik vositasi aynan qayerdan topilganini ko‘rmaganini bildirganini ta’kidladi. Shu sababli, dalillarning topilishi, qayd etilishi va ekspertizaga yuborilish jarayonida protsessual uzilishlar bo‘lganini ilgari surdi. Sudlanuchining advokatlari ishda xaridorlar, vositachilar, yozishmalar, narx kelishuvlari, nazorat xaridi, sotishga tayyorlangan alohida dozalar yoki giyohvandlik vositalarini sotishga tayyorgarlikni ko‘rsatuvchi boshqa obyektiv dalillar mavjud emasligini aytdi. Shu nuqtadan kelib chiqib, himoya Karimovning harakatlari 273-moddaning ikkinchi qismi bilan emas, boshqa huquqiy norma bilan baholanishi kerakligi haqidagi muqobil pozitsiyani ham bildirdi.

Muzokaraning yakuniy qismida advokatlar ekspertiza masalasiga ham qaytdi. Himoya fikricha, ekspertiza topilgan moddaning xususiyatlarini aniqlashi mumkin, biroq tintuvning qonuniy o‘tkazilgan-o‘tkazilmagani, obyektga qonuniy kirilganmi, protsessual vakolatga ega shaxslar qatnashganmi yoki dalillarni saqlash zanjiri buzilganmi — bularni ekspertiza hal qilmaydi. Shu sababli, agar tintuv jarayonining o‘zi jiddiy qonunbuzarliklar bilan o‘tkazilgan deb topilsa, undan keyingi ekspertiza xulosasi ham ayblov uchun asos bo‘la olmaydi, degan pozitsiya bildirildi.

Muzokaralar yakunida himoya tomoni Toshkent shahar sudining birinchi instansiyasi tomonidan chiqarilgan hukmni bekor qilish, tintuvlar natijasida olingan dalillarni nomaqbul deb topish hamda Sanjar Karimovga qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha jinoyat tarkibi mavjud emasligi sababli oqlov hukmi chiqarishni so‘radi.

Sudda 17-avgustgacha tanaffus e’lon qilindi.

 

Operator va montajchi: Miroqil Xayrullayev

Teglar

Baxtiyor To‘xtayev

Baxtiyor To‘xtayevMaqolalar soni: 38

Barchasi

Mavzuga oid