
Dunyo tobora xavflilashib borayotganini aytgan Putin Maduro va Eron borasida jim – Reuters
Putin G‘arbning «kuchli bo‘lganim uchun haqman» qabilidagi siyosatini keskin tanqid qildi, biroq Donald Trampning nomini ochiq aytishdan qochdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin bugun, 15-yanvar kuni xalqaro vaziyat yomonlashgani va dunyo tobora xavfli joyga aylanib borayotganini aytdi, biroq Venesuela va Eron atrofidagi vaziyat yuzasidan lom-mim demadi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Putin AQSH tomonidan Venesuela rahbari Nikolas Maduroning hokimiyatdan ag‘darilishi, Erondagi namoyishlar yoki AQSH prezidenti Donald Trampning Grenlandiyaga nisbatan tahdidlari yuzasidan hozircha biron bir ommaviy izoh bermagan.
«Xalqaro maydondagi vaziyat tobora keskinlashib bormoqda — menimcha, bu borada hech kim bahslashmasa kerak — uzoq yillik nizolar kuchaymoqda va yangi jiddiy qarshilik nuqtalari paydo bo‘lyapti», — dedi Rossiya rahbari jilmayib.
Kremlda ishonch yorliqlarini topshirgan yangi elchilar oldidagi nutqida Putin AQSH yoki Tramp nomini ochiq-oydin tilga olmadi.
«Biz «kuchli bo‘lganim uchun haqman» qabilida ish tutib, o‘z irodasini singdirishni, boshqalarga aql o‘rgatishni va buyruq berishni o‘ziga ep ko‘radiganlarning monologini eshityapmiz», — dedi Putin.
U Rossiyaning Yevropada yangi xavfsizlik arxitekturasini yaratish bo‘yicha takliflarini muhokama qilishga chaqirdi.
«Umid qilamizki, ushbu zarurat ertami-kechmi anglab yetiladi. Unga qadar esa Rossiya o‘z maqsadlarini izchil amalga oshirishda davom etaveradi», — dedi prezident.
Ikkinchi jahon urushidan keyingi Yevropadagi eng qonli to‘qnashuv bo‘lgan Ukrainadagi urush Rossiya va G‘arb o‘rtasida 1962 yilgi Karib inqirozidan beri kuzatilmagan eng yirik qarama-qarshilikni keltirib chiqardi.





