
Erdo‘g‘an Eron atrofidagi tashqi aralashuvlardan ogohlantirdi
Qohirada o‘tgan Misr yetakchisi bilan bo‘lgan uchrashuvda Turkiya yetakchisi Tehron bilan bog‘liq har qanday ixtilofni, jumladan yadroviy dastur masalasini faqatgina diplomatik muloqot orqali hal etish zarurligini bildirdi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an rasmiy tashrif bilan Qohiraga keldi va Misr yetakchisi Abdulfattoh as-Sisi bilan uchrashdi. Muzokaralar davomida Erdo‘g‘an qo‘shni Eronning ichki ishlariga tashqi aralashuv butun mintaqa uchun jiddiy xavf tug‘dirishidan ogohlantirdi. Turkiya rahbari Tehron bilan bog‘liq muammolarni, jumladan yadroviy kelishuvni faqat diplomatik yo‘l bilan hal etish zarurligini alohida ta’kidladi.
«Eron bilan bog‘liq masalalarni, jumladan, yadroviy kelishuvni diplomatik usullar bilan hal qilish eng maqbul yo‘ldir», - deya qayd etdi Turkiya yetakchisi.
Muzokara mavzulari
Ikki davlat rahbarlari mintaqaviy inqirozlarni, xususan, G‘azo sektoridagi vaziyat, insonparvarlik yordamlarini yetkazib berish va hududni qayta tiklash jarayonlarini diqqat markazida tutishdi. Shuningdek, Suriyadagi vaziyat va Vashington–Tehron yo‘nalishidagi keskinlikni yumshatish masalalari bo‘yicha fikr almashildi.
Iqtisodiy sohada tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 15 milliard dollarga yetkazishni strategik maqsad qilib belgiladi. Strategik hamkorlik oliy kengashining yig‘ilishida Sharqiy O‘rta yer dengizidagi energetika loyihalari, qishloq xo‘jaligi va mudofaa sanoatida sheriklikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tashrif doirasida ikki davlat ishbilarmonlari ishtirokida biznes-forum o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Turkiya va Misr yetakchilarining so‘nggi yuzma-yuz uchrashuvi Sharm ash-Shayxdagi "Tinchlik sammiti" doirasida bo‘lib o‘tgan edi.





