
Falastinlik mahbus Isroil qamoqxonasidagi qiynoqlar haqida gapirdi
19.10.2025 | 15:1523034
Isroil qamoqxonasida sakkiz oy azob chekkan falastinlik Mahmud Abu Foul tazyiq va zo‘ravonlikka duch kelgani natijasida ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan.

G‘azo shimolidan bo‘lgan 28 yoshli Mahmud Abu Foul dekabr oyida Beyt-Laxiyadagi Kamol Advan shifoxonasida hibsga olingan va keyin Isroilning tergov izolyatorlariga joylashtirilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘riqchilar tomonidan muntazam ravishda kaltaklanishi natijasida ko‘r bo‘lib qolgan.
Abu Foul bu hafta AQSH vositachiligida tuzilgan otashni to‘xtatish kelishuvi doirasida ozod qilindi. U bilan bir qatorda 2000 ga yaqin falastinlik mahbus qamoqxonalardan chiqarildi. Ko‘pchilikda tan jarohatlari va zo‘ravonlik izlari aniqlangan.
Falastinlik yosh yigit ilgari, 2015 yildagi terakt oqibatida oyog‘idan ayrilgan. U Al Jazeera telekanaliga bergan intervyusida «Sde Teyman» deb nomlangan qamoqxonani «odamlarni sinash va sindirish uchun qurilgan joy» deb atadi. Uning aytishicha, bir kuni soqchilar boshiga qattiq zarba bergan, shu orqali u ongini yo‘qotgan va ko‘zlari butunlay ko‘r bo‘lib qolgan.
«Tibbiy yordam so‘rayverdim, lekin menga faqat bir turdagi ko‘z tomchilarini berishdi, bu hech qanday yordam bermadi. Ko‘zlarim tinimsiz yoshlanar, oqar, og‘rirdi, lekin hech kim parvo qilmasdi», — deydi Abu Foul.
U davolanish uchun ochlik e’lon qilishga ham harakat qilgan, ammo ma’muriyat uning talablarini inobatga olmagan. Ozod etilgandan so‘ng Nosir shifoxonasiga olib borilgan Abu Foul onasi bilan faqat ovoz orqali «ko‘rishganini» aytdi.
Hozirda u vayronalar yaqinidagi chodirda yashaydi. Ko‘zlari hali ham davoga muhtoj va u chet elda tibbiy yordam olish uchun ko‘mak so‘ramoqda.
Falastin Inson huquqlari markazi ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil oktyabridan 2024 yilgacha qamoqda bo‘lgan 100 nafar sobiq mahbusning guvohliklari asosida Isroil qamoqxonalaridagi tizimli zo‘ravonlik holatlari tasdiqlangan. Hozirgi kunda 9000 ga yaqin falastinlik sudsiz yoki ayblovsiz holda ushlab turilmoqda.





