
Farg‘onada 20 mlrd so‘mlik noqonuniy tilla buyumlar ushlandi
28.08.2025 | 10:1523602
Qirg‘izistondan 20 mlrd so‘mlik tilla zargarlik buyumlarini noqonuniy olib kirishga uringan ikki shaxs qo‘lga olindi.

Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari va Farg‘ona viloyati boshqarmasi tezkor tadbiri davomida Qirg‘izistondan noqonuniy tilla olib kirishga uringan ikki nafar fuqaroni qo‘lga olgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Farg‘ona tumanida yashovchi 1991 va 1993 yillarda tug‘ilgan ikki fuqaro Qirg‘izistondan noqonuniy yo‘l bilan tilla zargarlik buyumlari olib kirgan. Tekshiruv jarayonida ulardan umumiy og‘irligi 19 kg 119 gramm bo‘lgan va taxminiy qiymati 20 mlrd so‘mga teng zargarlik buyumlari topildi.
Ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan buyumlar ekspertizaga yuborilgan. Tergov organlari tomonidan mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qilishicha, chegara hududlarida kontrabandaga qarshi nazorat kuchaytirilgan va bunday noqonuniy harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tizimli choralar amalga oshirilmoqda.





