Farg‘onada bank markazi rahbari pora olganlikda gumonlanmoqda

Bugun 12:202 daqiqa

Mansabdor shaxs bankning bosh ofisidagi tanishlari orqali unga 2,5 mlrd so‘m miqdorida kredit ajratib berish evaziga kreditning 5 foizini, ya’ni 125 mln so‘m talab qilgan.

Farg‘onada bank markazi rahbari pora olganlikda gumonlanmoqda © DXX matbuot xizmati

Jizzax va Farg‘ona viloyatlarida korrupsiyaga qarshi o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida ikki mansabdor shaxs pora olishda gumon qilinib qo‘lga olindi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimligining mansabdor xodimi tadbirkorning ishonchiga kirib, tuman melioratsiya bo‘limi balansidagi 45 sotix yer maydonini o‘z tanishlari orqali olib berishni va’da qilgan. Shuningdek, u tadbirkorning tanishini mahalliy korxonalardan biriga ishga joylashtirib berishini ham bildirgan.

Tergov materiallariga ko‘ra, hokimlik xodimi mazkur xizmatlari uchun 500 dollar talab qilgan. U so‘ralgan mablag‘ni olayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tekshiruv jarayonida ushbu shaxs avval ham shu masalalarni hal qilib berish bahonasida fuqarodan 3,5 million so‘m olgani va mablag‘ni shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgani aniqlangan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlarini olib bormoqda.

Kredit uchun 10 ming dollar

Farg‘ona viloyatida qayd etilgan holatda esa xususiy aksiyadorlik tijorat banklaridan birining Farg‘ona bank xizmatlari markazi rahbari tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan fuqaroga 2,5 milliard so‘m miqdorida kredit ajratib berishni va’da qilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bank mas’uli kredit summasining 5 foizini, ya’ni 125 million so‘mni xizmat haqi sifatida talab qilgan. U so‘ralgan mablag‘ning 10 ming dollar qismini olayotgan vaqtida tezkor tadbir davomida ushlangan.

Ayni paytda har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.

Teglar

Mavzuga oid