Farg‘onada rossiyaliklarning pullarini o‘zlashtirgan firibgarlar guruhi fosh etildi
34 kishidan iborat jinoiy guruh turli bank plastik kartalar orqali jami 9 mln 599 ming 561 rubl miqdoridagi pul mablag‘larini o‘zlashtirgan.

Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘ona viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida xalqaro miqyosda yirik miqdorda firibgarlik sodir etgan 34 kishilik uyushgan jinoiy guruh fosh etildi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Farg‘ona shahrida yashovchi 40 yoshli shaxs rahbarlik qilgan guruh Farg‘ona va Toshkent shaharlarida binolarni ijaraga olib, «call-markaz» niqobi ostida faoliyat yuritgan. Ular axborot texnologiyalari orqali Rossiyada dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarning 70 mingdan ortiq mijozlari haqidagi ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan.
Operatorlar SIP telefoniya va Zoiper ilovalari orqali asosan keksa yoshdagi fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zlarini huquqni muhofaza qiluvchi idoralar yoki bank xodimlari sifatida tanishtirgan. Ular go‘yoki kompaniya tomonidan sifatsiz dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar sotilganligini ta’kidlagan holda, mijozlarga 500 mingdan 580 ming rublgacha miqdorda kompensatsiya to‘lab berilishini aytishgan, buning uchun 5–20 ming rubl «soliq» to‘lash kerakligini bildirgan.
Natijada jabrlanuvchilar taqdim etilgan bank kartalariga jami 9 mln 599 ming 561 rubl o‘tkazib bergan.
Shuningdek, jinoiy guruhning 3 nafar a’zosi kriptovalyutalar savdosini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya olmasdan, «O‘zbekiston Respublikasida kripto-birjalar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori talablariga zid ravishda jami 470 ming AQSH dollariga yaqin kripto-aktivlar aylanmasini amalga oshirishgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yozyovon tuman sudi tomonidan uyushgan jinoiy guruh a’zolari tegishliligi bo‘yicha Jinoyat Kodeksining 168, 243, 278-7 va 278-8-moddalari bilan aybli deb topilib, ularning 21 nafariga 3 yil 6 oydan 9 yil 6 oy muddatgacha ozodlikdan maxrum etish jazolari tayinlandi. Qolgan 13 nafariga nisbatan 4 yil 3 oydan 4 yil 6 oygacha muddatga ozodlikni cheklash jazosi belgilanib, jarimalar qo‘llanildi. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar esa undiriladigan bo‘ldi.





