«Ferrari» o‘zining ilk elektromobilini taqdim etdi va dizayn tufayli tanqidga uchradi
Ushbu salbiy munosabatlar fonida Milandagi seshanba kungi ertalabki savdolarda «Ferrari» aksiyalari 6 foizga arzonlashdi.

Italiyaning hashamatli avtomobillar ishlab chiqaruvchi «Ferrari» kompaniyasi o‘zining ilk to‘liq elektrlashtirilgan «Ferrari Luce» modelini taqdim etdi, biroq u internet foydalanuvchilari tomonidan keskin tanqidlarga uchradi.
«Apple» sobiq dizayneri Joniy Ayv va avstraliyalik sanoat dizayneri Mark Nyuson tomonidan loyihalangan ushbu elektromobilning narxi 640 000 dollarni tashkil etadi.
Mashinaning taqdimot marosimida «Ferrari» jamoasining Formula-1 poygachilari Sharl Lekler va Lyuis Xemilton ishtirok etgan. Yangi model to‘rtta elektr dvigateli bilan jihozlangan bo‘lib, soatiga 60 mil (taqriban 96 km/soat) tezlikka 2,5 soniyada erishadi, uning korpusi esa shisha bilan qoplangan.
Shuningdek, bu «Ferrari» tarixidagi ilk 5 o‘rindiqli avtomobil hisoblanadi.
Internetdagi tanqidlar va aksiyalarning tushishi
Ijtimoiy tarmoqlarda avtomobil dizayni keskin noroziliklarga sabab bo‘ldi. «X» foydalanuvchilari elektromobilni ancha arzon turadigan «Nissan Leaf» va «Kia» modellariga o‘xshatishgan. «Tesla» muxlislaridan biri Soyer Merritt yangi modelni «tarixdagi eng xunuk EV dizaynlaridan biri» deb atagan. Boshqa foydalanuvchilar esa sun’iy intellekt yordamida «Ferrari» uchun o‘zlarining yanada zamonaviy va past profilli dizayn variantlarini yaratib ko‘rsatishgan. Ushbu salbiy munosabatlar fonida Milandagi seshanba kungi ertalabki savdolarda «Ferrari» aksiyalari 6 foizga arzonlashdi.
Dizayner Mark Nyuson tanqidlarga javob berar ekan, «tanqidlar yangilik yaratish jarayonining bir qismi» ekanini ta’kidladi va odamlar kelajakdan ko‘ra ko‘proq o‘tmishga intilishi dizaynerlar ishini qiyinlashtirayotganini aytdi.
Shuningdek, «Ferrari Luce» bozorga global elektromobillar savdosi sekinlashgan va yirik avtogigantlar (Ford, GM, Honda) o‘z EV rejalarini qisqartirayotgan og‘ir davrda kirib kelmoqda. Biroq ushbu qadam kompaniyani Xitoyning hashamatli elektromobillar bozoriga kirib kelayotgan BYD (Denza va Yangwang brendlari bilan) kabi raqobatchilaridan himoya qilishi mumkin.


