
Hindistonda yuzlab fuqarolar soxta Tramp ilovasiga chuv tushdi
28.05.2025 | 19:4539772
Karnataka shtatida yuzlab hindistonliklar sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan soxta Tramp ilovasi orqali firibgarlar qo‘liga pullarini topshirib qo‘ydi. Ular AQSH prezidenti nomi bilan tarqatilgan «Trump Hotel Rental» ilovasiga sarmoya kiritishga ishontirilgan.

«Times of India» xabariga ko‘ra, kiberpolitsiyaga 200 nafar atrofida fuqaro 5-6 oy ichida umumiy 20 million rupiy (234 ming dollar) o‘g‘irlangani yuzasidan murojaat qilgan. Ilovada Trampning sun’iy intellekt yordamida yaratilgan surat va videolari qo‘llanilgani, shu yo‘l bilan odamlar ishonchi qozonilgani aytilmoqda.
Firibgarlar sarmoyadorlarga qisqa muddatda 100 foiz va undan ortiq foyda va’da qilgan. Ular «Trump Hotel Rental» ilovasi orqali yuborilgan kontentni investitsiya loyihasi sifatida ko‘rsatgan.
Kiberpolitsiya ma’lumotiga ko‘ra, garchi ko‘pchilik rasman shikoyat qilmagan bo‘lsa-da, bu soxta loyihaga kamida 800 kishi jalb etilgan. Ulardan ayrimlari 1 million rupiygacha (11 700 dollar) mablag‘ yo‘qotgan.





