
Jarima maydonidan avtomashinani chiqarish uchun elektron ruxsatnoma joriy etiladi
Avtomototransport vositalarini jarima maydonchasidan chiqarish uchun ruxsatnoma olish tartibi raqamlashtirildi. Yangi tartib fuqarolarga YAIDXP va mobil ilova orqali onlayn murojaat qilish imkonini beradi.
«Avtomototransport vositalarini jarima maydonchasidan olib chiqish uchun elektron ruxsatnoma olish yuzasidan Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga elektron murojaat qilishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Bu yangilik orqali fuqarolarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP), Davlat xizmatlari markazlari va «SafeRoad» mobil ilova orqali elektron murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.
2025 yil 31 iyuldan boshlab jismoniy va yuridik shaxslar transport vositalarini jarima maydonidan olib chiqish uchun ruxsatnomani elektron shaklda so‘rashlari mumkin bo‘ladi. Murojaatlar 24 soat davomida qabul qilinadi va ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi. Ruxsatnoma QR-kod ko‘rinishida taqdim etiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, fuqarolar pasport ma’lumotlari, transport raqami, haydovchilik guvohnomasi va boshqa zarur hujjatlarni taqdim etishi talab etiladi. Elektron so‘rovnoma to‘ldirilgandan so‘ng vakolatli organlar ushbu ma’lumotlarni tekshirib, ijobiy qaror qabul qilinsa, ruxsatnoma yuboriladi.
Agar so‘rovnomada xatoliklar bo‘lsa, ariza beruvchiga ularni to‘g‘rilash uchun 3 ish kuni muhlat beriladi. Ruxsatnoma berilgandan keyin takroriy murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi. Ushbu tartib Ichki ishlar organlarini raqamlashtirish bo‘yicha Prezidentning 155-son qarori ijrosi doirasida joriy etilmoqda.
Qaror ijrosini nazorat qilish Ichki ishlar vaziri A.A. Tashpulatov zimmasiga yuklatilgan. Bu o‘zgarish fuqarolarni ortiqcha ovoragarchilikdan qutqarib, davlat xizmatlarini yanada shaffof va tezkor qiladi.





