
Jinoyatlarning 42 foizini kiberjinoyatlar tashkil qilmoqda
09.07.2025 | 13:004093
Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan taqdimotda mamlakatda jinoyatlarni kamaytirish, jumladan, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, giyohvandlikni oldini olish va ichki ishlar tizimini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor choralar belgilab berildi. Bu yilgi jinoyatlarning deyarli yarmi kiberhujumlar bilan bog‘liq ekani ta’kidlandi.
8 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallada jinoyatchilikni jilovlash va qonun ustuvorligini ta’minlash masalalari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Unda 2025 yilda har bir mahallada huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha belgilangan vazifalar, amalga oshirilgan ishlar va dolzarb muammolar muhokama qilindi.
Ma’lum qilinishicha, o‘tgan olti oy mobaynida har bir mahalla bo‘yicha “yo‘l xaritalari” asosida ijtimoiy profilaktika tizimi joriy etildi. Jamoat joylarini raqamlashtirish qamrovi kengaytirildi, huquq-tartibot sohasida ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazildi. Natijada 5 ming 200 ta mahallada birorta ham jinoyat qayd etilmagan.
Biroq, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalar hamon mavjud. Shu bois profilaktika inspektorlari, qidiruv va patrul xizmati faoliyatini kuchaytirish, mahallalarni jinoyatsiz hududga aylantirish zarurligi ta’kidlandi. Yoshlar o‘rtasida giyohvandlik holatlari ham haligacha uchrab turibdi. Bu illatga qarshi sun’iy intellekt va videokuzatuv orqali kurashish zarurligi qayd etildi.
Prezident kiberjinoyatchilikni bugungi kunning eng jiddiy muammolaridan biri sifatida baholadi. Yil boshidan beri qayd etilgan jinoyatlarning 42 foizini aynan kiberxavflar tashkil qilgan. Bu borada aholi bilimini oshirish, to‘lov tizimlarida xavfsizlikni kuchaytirish va sohadagi kadrlarning malakasini oshirish vazifalari belgilandi.
Ichki ishlar tizimida ta’lim va tayyorgarlikning zamonaviy tahdidlarga moslashtirilishi, Akademiya faoliyatini takomillashtirish va qo‘shimcha yo‘nalishlar ochish rejalashtirilgan. Huquq-tartibot idoralari o‘rtasidagi muvofiqlikni kuchaytirish orqali jinoyatchilikni qisqartirish muhim maqsad sifatida belgilandi.





