
Jizzax va Samarqandda noqonuniy dori savdosi fosh etildi
Jizzax shahridagi holatda ayollar fitnes-klubida tashkil qilingan yashirin sex aniqlangan. Mazkur sexda turli xil dori vositalari qo‘lbola usulda qadoqlangan, taqsimlangan va sotuvga tayyorlangan.

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan Jizzax shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1993 yilda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro tegishli hujjatlarsiz dori vositalarini pulga ayirboshlayotganda ushlangan. Ulardan 400 dona «Misoprostol» tabletkasi, 139 dona kapsula, ikki dona balzam hamda qadoqlash uchun mo‘ljallangan 26 dona quti ashyoviy dalil sifatida olingan. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.
Tekshiruv jarayonida Jizzaxdagi ayollar fitnes-klubida qo‘lga olinganlar tomonidan tashkil etilgan yashirin sex faoliyati ham fosh etildi. Bu yerda qo‘lbola usulda dori vositalarini qadoqlash va sotuvga tayyorlash ishlari amalga oshirilgani ma’lum bo‘ldi. Tadbirda qadoqlash uskunasi, 141 dona tayyor kapsula, 1 040 dona soxta galogramma, 237 dona shtrix-kod, 1 014 bo‘sh kapsula va turli quti hamda paketlar topildi.
Shuningdek, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda o‘tkazgan tadbirda 1998 yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro — farmatsevtika mahsulotlari chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi MCHJ menejeri ham ushlandi. U Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan, tarkibida psixotrop moddalar mavjud bo‘lgan 9 800 dona dori vositasini shartli xaridorga 25 million so‘mga sotish vaqtida qo‘lga olingan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Mutasaddilar aholini sifat sertifikatisiz dori vositalari savdosidan uzoq turishga chaqirmoqda. Ular inson sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazishi, ayrim hollarda halokatli oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkinligini eslatdi.





