add

Maktablarda yig‘iladigan «fond» puli: u nimalarga sarflanadi?

07.08.2025 | 19:0021368

Marhamat tumanidagi maktablardan birida mehnat ta’tilida bo‘lgan bir gurux uqituvchilar devor oqlash va ta’mirlash ishlariga jalb etilgani haqidagi tasvir ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilindi. Lekin bu maktablardagi yagona muammo emas.

Maktablarda yig‘iladigan «fond» puli: u nimalarga sarflanadi?
Andijon viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Marhamat tumanidagi 42-maktabning direktori Z.Mamajonovaning ishdan olinganini, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 2-qismiga asosan unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida jarima qo‘llanganini aytib chiqqan. Bu bayonotlardan anglanilishicha, Z.Mamajonova ham ishdan ketgan, ham 41 mln 200 ming so‘m jarima to‘laydigan bo‘lgan. Bu so‘nggi yillarda kuzatilayotgan og‘riqli masala. Gap birgina Andijonning Marhamat tumanida emas. O‘qituvchilarning maktablarda yozgi ta’til vaqtida qo‘shimcha pul to‘lanmasdan, hashar yo‘li bilan noqonuniy ishlatilishi juda ko‘p joyda kuzatiladigan oddiy holga aylanib bo‘lgan. Shunchaki, biz ularning barchasidan voqif bo‘la olmaymiz xolos. Shu haqda qo‘ni-qo‘shnilar bilan gaplashib o‘tirganimizda, ulardan biri maktab ta’miri bilan bog‘liq muammolar yetarliligi haqida gapirib, hali ham ayrim maktablarda «remont» va «fond» puli yig‘ilishini aytib qoldi. Qo‘shnining gapiga ko‘ra, uch nafar farzandi maktabda o‘qiydi va har oy ularning har biriga 30 ming so‘mdan, jami 90 ming «fond» puli to‘laydi. Bundan tashqari, bu yil bir nafar fanzandi uchun 100 ming so‘m «remont» puli bergan. Vaholanki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash borasida o‘quvchi va tarbiyalanuvchilar hamda ularning ota-onalaridan turli pul mablag‘larini yig‘ish taqiqlangani va bu masala vazirlikda alohida nazoratga olingani ko‘p bora ta’kidlangan. «Fond» pulini yig‘ish sxemasi ham juda aqlli chizilgan, bunda na maktab ma’muriyati, na o‘qituvchi ishtirok etadi. Bilamiz, har bir sinfda «ota-onalar qo‘mitasi» bor, majlislar ham ko‘pincha ularning «sa’y-harakati» bilan uyushtiriladi va majlislarda asosan pul yig‘ish masalasi muhokama qilinadi. Sinf rahbari esa «men emas, ota-onalar tashabbus qilayapti», degandek qarab turaveradi. Qisqasi, «fond» puli o‘sha «ota-onalar qo‘mitasi» yordamida yig‘iladi. Qo‘shnining gapiga qaraganda, katta qizining sinfida 40 nafar o‘quvchi o‘qiydi. Keling, hisob-kitob qilaylik: o‘sha sinfdagi o‘quvchilarning ota-onalaridan bir oyda 1 mln 200 ming so‘m, o‘quv yili davomida esa 10 mln 800 ming so‘m yig‘iladi. Butun maktab miqyosida qancha pul to‘planishini o‘zingiz hisob-kitob qilib olaverarsiz. «Fond» puli asosan farrosh, qorovulga qo‘shimcha ish haqi va sinfning boshqa xarajatlari (suv, qog‘oz va hokazolar) uchun sarflanarkan. «Ota-onalar qo‘mitasi» tomonidan O‘qituvchi va murabbiylar kuniga, shuningdek, sinf rahbari ayol bo‘lsa, Xalqaro xotin-qizlar kuniga ham pul yig‘ilarkan. Albatta, ko‘ngildan chiqarib. Qo‘shni «to‘g‘risi, boshqa yig‘di-yig‘dilar ham bor, ularning har birini aytib o‘tishga odam hijolat qiladi», – deydi. Ha, yana bir gap. Qo‘shni xursand bo‘lib: «Qizimning sinfiga davlat tomonidan bepul interaktiv doska olib berildi, faqat uni o‘rnatish xarajatlarini qoplab berdik, xolos», – deydi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ullari mabodo ushbu materialni o‘qib qolsa, bayonot bergisi kelsa, albatta, uning mazmuni quyidagicha bo‘ladi: ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash borasida o‘quvchi va tarbiyalanuvchilar hamda ularning ota-onalaridan turli pul mablag‘larini yig‘ish taqiqlangan va bu masala vazirlikda alohida nazoratga olingan. «Fond» puli esa ota-onalar va boshqa fuqarolarning ixtiyoriy badallari sifatida baholanadi. Xo‘sh, siz ham farzandingizning maktabi uchun «fond» puli to‘laysizmi, to‘lasangiz qancha to‘laysiz? U pul nimalarga sarflanadi? Hech qiziqib ko‘rganmisiz? Bu boradagi fikr va mulohazalaringizni tahririyat Telegram boti t.me/vaqtuz_robot ga yo‘llashingiz yoki Telegram kanalning sharhlar bo‘limida bildirishingiz mumkin. Rasuljon Parpiyev.

Teglar

Mavzuga oid

Maktablarda yig‘iladigan «fond» puli: u nimalarga sarflanadi? | Vaqt.uz