add

«Mashinasozlar» bekatidan Chorvoqqa avtobus qatnovi to‘xtatildi

29.09.2025 | 10:3020603

Toshkentdan Chorvoqqa qatnovchi 1226-sonli avtobus yo‘nalishi rejadan tashqari to‘xtatildi va dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kelasi yilga qadar qayta tiklanmaydi.

«Mashinasozlar» bekatidan Chorvoqqa avtobus qatnovi to‘xtatildi
Tashtrans.uz xabar berishicha, tashuvchi kompaniya qatnovning yopilishini oldindan e’lon qilmagan. Bu yo‘nalish 1 iyuldan ish boshlab, qisqa vaqt ichida aholi va sayyohlar orasida katta talabga ega bo‘lgan. Avtobuslar «Mashinasozlar» metro bekatidan Chorvoqqa Xumson orqali har 90 daqiqada qatnardi. Birinchi reys soat 6:00 da yo‘lga chiqib, oxirgisi esa 20:30 da amalga oshardi. Yo‘l vaqti o‘rtacha 1 soat 30 daqiqani tashkil etgan. Yo‘nalishda har biri 47 yo‘lovchiga mo‘ljallangan zamonaviy MAN RR3 avtobuslari harakatlangan. Ular konditsioner va qulay o‘rindiqlar bilan jihozlangan bo‘lib, yo‘l haqi 25 ming so‘m etib belgilangan, to‘lovni naqd yoki karta orqali amalga oshirish mumkin edi. Avtobuslar Maxtumquli ko‘chasi orqali Yangi O‘zbekiston bog‘i, Xo‘jakent turar joy massivi va Chinorkent dam olish maskanidan o‘tib, Xumson orqali Chorvoqqa yetib borardi. Yo‘nalishning to‘xtatilishi sayyohlar va mahalliy aholi uchun sezilarli noqulaylik yaratishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, 25 sentyabrdan Toshkent – Chinorkent yo‘nalishi bo‘yicha chipta narxlari 50 foizga ko‘tarildi. Asosiy sabab sifatida elektr energiyasi tariflarining oshirilishi ko‘rsatilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid