
Metan tortildi — chiqindi ko‘paydi: tashuvchi mashinalar ishida uzilish kuzatilmoqda
Tahririyatimizga turli hududlardan chiqindi olib ketish xizmatidagi uzoq muddatli uzilishlar haqida murojaatlar kelishi sezilarli ko‘paydi. Chiqindilarni boshqarish agentligi matbuot xizmati rahbari yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha Vaqt.uzʼga izoh berdi.

Tahririyatimizga respublikaning turli hududlaridan chiqindi olib ketish xizmatidagi uzoq muddatli uzilishlar haqida murojaatlar kelishi so‘nggi haftalarda sezilarli ko‘paydi. Vatandoshlar chiqindi oylar davomida olib chiqilmayotgani, bu esa joylarda sanitariya holatining yomonlashuviga olib kelayotganini bildirmoqda.
Chiqindilar tashib olib ketilmayapti
Samarqand viloyati Jomboy tumanidan kelgan jamoaviy murojaatda mahallalardan birida qariyb bir oydan buyon maishiy chiqindilar olib chiqilmayotgani aytiladi. Murojaatchilarga ko‘ra, chiqindilar yig‘ilib ketgani sababli atrofga badbo‘y hid tarqalmoqda, qarovsiz qolgan chiqindi uyumlarini itlar va boshqa hayvonlar titib, sochib yuborayotgani holatni yanada og‘irlashtirmoqda. Oqibatda, ekologiyaga katta talafot yetkazilmoqda. Jumladan, Namanganda Norin daryosi bo‘ylari ham chiqindiga to‘lib ketgani haqidagi xabarlar tahririyatimizga kelib tushgan.
Murojaatda qo‘shimcha qilinishicha, xizmat ko‘rsatuvchilar buni avtomobillarga metan to‘ldira olmayotgani yoki uzundan-uzun navbatlar sabab ishga ulgurishmayotgani bilan izohlashgan.
Paydo bo‘lgan bu vaziyatda eng qiziq jihat — garchi chiqindi belgilangan vaqtda olib ketilmayotgan bo‘lsa ham, aholiga to‘lov kelishda davom etmoqda.
«Birinchidan, nega barqaror xizmat sifati yo‘q? Ikkinchidan, ko‘rsatilmagan xizmat uchun nega pul to‘lashimiz kerak? Chiqindidan qarzdorlarning qarzini elektrni uzib bo‘lsa ham undiradigan tizim, xizmat ko‘rsatilmagan paytda undirilayotgan pul masalasiga kelganda jim. Bu qanday adolat?» — deydi holat haqida murojaat egalari.
Shu kabi murojaatlar Namangan, Qashqadaryo, Andijon va Toshkent viloyatining ayrim tumanlaridan ham kelib tushgan. Ayrim hududlarda chiqindi olib ketish xizmatlari jadvali buzilgani, to‘lovlar muntazam amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, xizmat sifati talab darajasida emasligi ta’kidlanmoqda.
Agentlik izohi
Vaqt.uz muxbiri shu kabi murojaatlar ko‘paygani yuzasidan Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi Axborot xizmati Rahbari Dilnoza Komilova bilan bog‘landi. Komilova savollarimizga javob berar ekan, ayni vaqtda hududlarda gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolar kuzatilayotgani va bu agentlikka bog‘liq muammo emasligi, shularni inobatga olgan holda, aholidan vaziyatga «tushunish bilan yondashishni» so‘radi.
«Respublika bo‘yicha 82 ta sanitariya tozalash korxonalariga tegishli 3 000 dan ziyod maxsus chiqindi tashish texnikalari uchun 200 dan ortiq gaz quyish shoxobchalarida «yashil yo‘lak»lar ajratilgan. Maxsus texnikalarga gaz to‘ldirish ishlari belgilangan reja-jadval asosida amalga oshirilmoqda. Hududlarda gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni inobatga olgan holda, aholidan ushbu holatlarga tushunish bilan yondashishni so‘raymiz. Mazkur choralar chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqishni ta’minlashga qaratilgan», – dedi u.
To‘lovlar masalasi
Agentlik vakili shuningdek, tahririyat muxbirining ko‘rsatilmagan xizmat uchun undirilgan pullar aholi bilan qayta hisob-kitob qilinadimi, degan savoliga ham javob berdi.
«Ha, xizmat ko‘rsatilmagan holda yechilgan pullar qaytariladi. Kimda sohaga oid va xizmat sifati bo‘yicha murojaatlar bo‘lsa, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining «1205» ishonch raqamiga murojaat qilishi mumkin. Raqamlarimiz 7/24 rejimida ishlamoqda va muammolar hal etib beriladi», — dedi Dilnoza Komilova.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq metan shoxobchalari yopiqligi yoki yetarli gaz berilmayotgani oqibatida, vodiy viloyatlarida avtobuslar ham yo‘nalishga chiqmayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Teglar






