
Migrantlarni tekshirish va emlash tartibi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin
23.07.2025 | 13:0015093
Rossiya sobiq bosh sanitar shifokori Gennadiy Onienko mamlakatga kiruvchi migrantlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va zarur hollarda emlashni joriy etishni taklif qildi. Bu yondashuv infeksiyalarning oldini olishga qaratilgan.
Rossiya sobiq bosh sanitar shifokori Gennadiy Onienko mamlakatga kirishdan oldin migrantlarni tekshirish va emlash tizimini kuchaytirishni taklif qildi. Uning ta’kidlashicha, bu choralar mamlakatda sog‘liqni saqlash xavfini kamaytirish va infeksiyalarni tarqalishining oldini olish maqsadida amalga oshirilishi kerak.
Onienko so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda migrantlar orqali meningokokk infeksiyasi tarqalayotgani bo‘yicha muhokamalar olib borilmoqda. Shu bois, migrantlarni jalb etishda ularning sog‘lig‘iga oid aniq talablar qo‘yilishi lozim. U Rossiyada muhojirlarsiz turmush tarzi mumkin emasligini ta’kidladi. Shu bilan birga, ularga nisbatan aniq talab va shartlar joriy etilishi shartligini bildirdi.
Onienko avvvalgi yillarda OITS kabi kasalliklar tarqalgan paytda ham davlatlar bilan maxsus kelishuvlar imzolanganini eslatdi. Unga ko‘ra, ba’zi mamlakatlar fuqarolarini o‘z hujjatlari orqali qabul qilingan bo‘lsa, ba’zilarini esa Rossiya tomonidan mustaqil ravishda tekshirishga to‘g‘ri kelgan. U shunday kelishuvlarni qayta tiklashni zarur, deb hisoblaydi.
2024 yilda Rossiyaga taxminan 6,3 million migrant kelgan bo‘lib, ularning 23,3 foizini O‘zbekiston fuqarolari tashkil etgan. Bu deyarli 1,5 million kishini tashkil qiladi. Qolgan qismini Tojikiston, Qirg‘iziston va Belarus fuqarolari tashkil qilgan.
Uning ta’kidlashicha, Tojikiston va O‘zbekiston kabi mamlakatlar bunday hamkorlikdan hech qachon bosh tortmagan. Shuning uchun ham Rossiyaning migratsiya siyosatida sog‘liqni saqlash bo‘yicha talablarni yanada kuchaytirish maqsadga muvofiq.





