Migratsiya agentligi xorijga ishga ketayotganlarni ogohlantirdi

Bugun 10:252 daqiqa

Migratsiya agentligi xorijda ishlashni rejalashtirayotgan fuqarolarni mablag‘ni vositachilar yoki boshqa firmalar hisob raqamiga o‘tkazmaslikka chaqirdi.

Migratsiya agentligi xorijga ishga ketayotganlarni ogohlantirdi © Fotolia / Gerhard Seybert

Migratsiya agentligi chet elda ishlash istagidagi fuqarolarni ogohlantirdi. Idora ma’lum qilishicha, ayrim holatlarda fuqarolar litsenziyaga ega xususiy bandlik agentligi bilan shartnoma tuzgan bo‘lsa-da, to‘lovlarni boshqa tashkilotlar yoki jismoniy shaxslar hisob raqamlariga amalga oshirmoqda.

Agentlikning ta’kidlashicha, bunday amaliyot keyinchalik muammolar kelib chiqqan taqdirda fuqarolarning huquqiy himoyasiz qolishiga sabab bo‘lishi mumkin. Chunki chet elga ishga joylashtirish uchun berilgan litsenziya faqat muayyan tashkilot nomiga rasmiylashtiriladi va u boshqa kompaniya yoki konsalting xizmatlariga taalluqli emas.

To‘lov qilayotganda nimaga e’tibor berish kerak

Shu munosabat bilan shartnomada ko‘rsatilgan tashkilot nomi hamda to‘lov qabul qiluvchi hisob raqami egasining nomi bir xil bo‘lishi shartligi eslatildi. Fuqarolarga har qanday to‘lovni amalga oshirishdan oldin ushbu ma’lumotlarni diqqat bilan tekshirish tavsiya qilindi.

Migratsiya agentligi naqd pul berish, jismoniy shaxslarning plastik kartalariga mablag‘ o‘tkazish yoki «konsalting xizmati» bahonasida boshqa firmalarga pul to‘lash xavfli ekanini ta’kidladi. To‘lovlar faqat xususiy bandlik agentligining maxsus depozit hisob raqamiga amalga oshirilishi kerak.

Idora xorijga ishga ketishdan avval agentlik litsenziyasini QR-kod orqali tekshirishni ham tavsiya qildi. Shuningdek, shartnoma va to‘lov hujjatlaridagi ma’lumotlarni o‘zaro solishtirish, cheklar, shartnomalar va yozishmalarni saqlab qo‘yish zarurligi qayd etildi.

Migratsiya agentligi faqat litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklari faoliyati ustidan nazorat olib borishini ma’lum qildi. Agar konsalting kompaniyalari yoki boshqa vositachilar bilan bog‘liq nizolar yuzaga kelsa, fuqarolar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishi lozim.

Teglar

Mavzuga oid