add

Namanganda qurilish nazorati mutaxassisi 10 ming dollar pora bilan ushlandi

29.07.2025 | 12:4541324

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Namanganda o‘tkazilgan tezkor tadbirda qurilish sohasidagi bosh mutaxassis 10 ming dollar pora olgan paytda qo‘lga olindi. U sudlangan mahkumga yengil jinoiy jazo tayinlashga yordam berishni va’da qilgan.

Namanganda qurilish nazorati mutaxassisi 10 ming dollar pora bilan ushlandi
Namangan viloyatida Davlat xavfsizlik xizmati va IJQK departamenti tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining bosh mutaxassisi pora bilan ushlandi. U sud tizimidagi tanishlari orqali joriy yilning yanvar oyida 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan mahkumning ishini sudda qayta ko‘rib chiqish va ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoni tayinlash evaziga 30 ming AQSH dollari talab qilgan. Mutasaddi avvaldan 10 ming dollar olgan vaqtda ushlangan. Ma’lum bo‘lishicha, u firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlar uchun avval ham bir necha bor sudlangan. Namanganda o‘tkazilgan yana bir tadbirda, xususiy baholovchi tashkilot rahbari 783 mln so‘mlik soliq qarzdorligini 141 mln so‘mga tushirish evaziga 4400 dollar pora olgan paytda ushlangan. Shuningdek, ushbu sxemada ishtirok etgan viloyat soliq boshqarmasi shu’ba boshlig‘i ham aynan shu miqdorda pora olgan vaqtda qo‘lga tushgan. Poytaxtda esa Mirobod tuman hokimligiga qarashli Ijtimoiy moslashtirish markazi rahbari 1200 dollar evaziga fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga pasport rasmiylashtirish va doimiy ro‘yxatga qo‘yishga va’da berib, pora olgan paytda ushlangan. Qashqadaryoda esa Majburiy ijro byurosi Qarshi shahar bo‘limi davlat ijrochisi 70 mln so‘mlik qarzdorlik bo‘yicha avtotransportga qo‘yilgan taqiqni yechib berish uchun 1000 dollar talab qilgan. U bu mablag‘ni fermer xo‘jaligi rahbari orqali olgan vaqtida ushlangan. Barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.  

Teglar

Mavzuga oid