add

O‘zbekiston qizamiqdan xoli davlat maqomini yo‘qotdi

Bugun 11:552 daqiqa

Bunga oxirgi yillarda kasallik holatlarining keskin ko‘payishi va emlash darajasining talab etilgan me’yordan pasayib ketgani asosiy sabab sifatida ko‘rsatilmoqda.

O‘zbekiston qizamiqdan xoli davlat maqomini yo‘qotdi

O‘zbekiston qizamiq kasalligi to‘liq yo‘q qilingan davlatlar ro‘yxatidan chiqarildi. Bu haqda «The Guardian» nashri Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga tayanib, xabar berdi.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, qizamiqni jilovlash va uni qayta tarqalishidan saqlanish uchun aholining kamida 95 foizi emlangan bo‘lishi shart. Ushbu ko‘rsatkichdan past daraja virusning tez tarqalishiga sharoit yaratadi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, qizamiq havo-tomchi yo‘li orqali yuqadigan eng yuqumli kasalliklardan biri hisoblanadi.

Ro‘yxatdagi boshqa davlatlar

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston bilan bir qatorda Buyuk Britaniya, Ispaniya, Avstriya, Armaniston va Ozarbayjon ham qizamiqdan xoli davlat maqomini yo‘qotgan. Ayrim mamlakatlarda bu qaror so‘nggi yillarda kasallanish holatlari va o‘lim hollarining qayta qayd etilishi ortidan qabul qilingan.

Qizamiqni oldini olish mumkin

Shifokorlar qayd etishicha, qizamiq emlash orqali deyarli 100 foiz oldini olish mumkin bo‘lgan kasallik hisoblanadi. Biroq vaksina qamrovi pasaygan taqdirda, u juda tez tarqaladi va yuqori isitma, toshmalar, og‘ir asoratlar hamda ayrim hollarda o‘limga olib kelishi mumkin.

So‘nggi yillarda dunyo miqyosida vaksinatsiyaga nisbatan ishonchsizlik kuchaygani kuzatilmoqda. Bu esa ilgari deyarli bartaraf etilgan qizamiq kabi kasalliklarning qayta avj olishiga olib kelmoqda. Ayniqsa, bolalar orasida emlash darajasining pasayishi jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.

JSST mamlakatlarni emlash dasturlarini kuchaytirishga, aholini vaksinatsiyaning ahamiyati haqida xabardor qilishga va bolalarni to‘liq emlashni ta’minlashga chaqirdi.

Ma’lumot uchun: 2017 yilda JSST O‘zbekistonni rasman qizamiq va qizilcha kasalligidan xoli davlat deb tan olgan edi.

Teglar

Mavzuga oid