
O‘zbekistonda avtomobil raqami 1,56 mlrd so‘mga sotildi
14.06.2025 | 09:4011272
Onlayn auksionda 10 777 ZZZ raqami 1,56 milliard so‘m (122,2 ming dollar)ga sotildi, bu yangi rekord. Avtoraqamning boshlang‘ich bahosi 187,5 mln so‘m edi.

O‘zbekistonda eng qimmatga sotilgan «chiroyli» avtoraqam auksioni yakunlandi. Tovar-xomashyo birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, xaridor 10 777 ZZZ raqam uchun 1,56 mlrd so‘m taklif qilgan. Bitimni yakunlash uchun xaridor besh ish kunida to‘lovni amalga oshirishi va raqamni Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatida ro‘yxatdan o‘tkazishi shart.
Raqam avtoraqamlar onlayn auksionida joriy yilning 5 iyun kuni savdoga qo‘yilgan. Uning boshlang‘ich narxi 187 mln 500 ming so‘m bo‘lgan. Savdo 8 kun davom etdi.
O‘zbekistonda avtomobil raqamlari sotishda to‘lanadigan stavka bazaviy hisoblash miqdori (1,31 million so‘m)ning 3,5 baravariga yetgan. Bu mablag‘lar raqam belgilarini tayyorlash xarajatlarini qoplashga yo‘naltiriladi. Tushumning 80 foizi davlat byudjetiga, 20 foizi esa IIV moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va ijtimoiy rag‘batlantirishga ajratiladi.





