
O‘zbekistonda har 10 ming aholiga 28,6 nafar shifokor to‘g‘ri keladi
Milliy statistika qo‘mitasi 2025 yil boshiga mamlakatda shifokorlar bilan ta’minlanganlik darajasi va asosiy mutaxassisliklar bo‘yicha taqsimotni e’lon qildi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 1-yanvar holatiga O‘zbekistonda har 10 ming aholiga o‘rtacha 28,6 nafar shifokor to‘g‘ri keladi. Hisobotda mamlakat aholisining tibbiy xizmat bilan ta’minlanganlik darajasi va mutaxassislar tarkibi bo‘yicha aniq ko‘rsatkichlar keltirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, terapevtik yo‘nalishdagi shifokorlar ulushi eng yuqori bo‘lib, har 10 ming aholiga 10,8 nafar mutaxassis to‘g‘ri keladi. Jarrohlik ixtisosligi bo‘yicha bu ko‘rsatkich 3,3 nafarni tashkil etadi. Akusher-ginekologlar soni har 10 ming ayolga nisbatan 3,2 nafarni, pediatrlar soni esa bolalar yoshiga qarab 7,1–8,3 nafar oralig‘ida qayd etilgan.
Qator tor ixtisosliklarda shifokorlar soni nisbatan kam. Masalan, oftalmologlar har 10 ming aholiga 0,5 nafar, otolaringologlar 0,6 nafar, nevropatologlar 0,9 nafarni tashkil etmoqda. Ftiziatrlar, psixiatrlar va onkologlar bo‘yicha ko‘rsatkich 0,2–0,3 nafar atrofida. Sanitariya-epidemiologiya shifokorlari 1,4 nafar, rentgenologlar va radiologlar esa 0,4 nafardan to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, stomatologlar ulushi nisbatan yuqori bo‘lib, har 10 ming aholiga 3,3 nafar mutaxassis to‘g‘ri keladi. Mutaxassislar fikricha, ushbu ko‘rsatkichlar tibbiyot sohasida kadrlar yetishmasligini qisman ko‘rsatish bilan birga, kelgusi ta’lim va kadrlar tayyorlash rejalarini belgilashda muhim ahamiyatga ega.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda erkak shifokorlar soni ko‘pligi ma’lum qilingan edi.





